Xadicha ketdiyu ko‘nglidan halovat ham ketdi. Uy bamisoli o‘lik chiqqanday huvillaydi. Polvonning yuragi toriqdi — uyni tark etdi, boqqa olib tushadigan qiяlikdagi bobosidan qolgan yerto‘lani o‘ziga boshpana qildi. Odamlarning kulishini bilardi, ammo uydagi hamma narsa Xadichani esga soladi: ostonaga qadami tekkan, devorga yelkasi — chidab o‘tirishi qiyin bo‘ldi.
Yerto‘la eski bo‘lsa ham havosi quruq edi. Yeri naq metin — cho‘kich tegsa, chaqin chiqadi. Qoratoyni ham ichkari olib kirdi. Bechora it ochiqqa o‘rgangan edi, yerto‘laga ko‘nikolmadi, uch-to‘rt kecha uvlab chiqdi, lekin — yo‘q, keyin-keyin egasining holiga tushundi chog‘i, poygakka to‘shalgan poxol ustida indamay yotadigan bo‘ldi.
Yerto‘la avvaliga sal vahimali ko‘rindi. Shifti past, agar chiroq bo‘lmasa, naq lahadning o‘zginasi…
Asta-sekin yerto‘laning go‘rsimon ekaniga ham ko‘nikdi. Yomg‘irli bir tunda uyqusiz yotib, uzoq o‘yladi, o‘zining tirikligini o‘yladi, yonida iti Qoratoy borligini, Xadichaning ketganini… Bir o‘zi ketsa go‘rga edi, qizchani ham yetaklab ketdi. Shu tariqa, xayoli to‘rt яshar qizchasi Chamanga og‘di, qizim hozir Sho‘rquduqning ko‘chasida bemalol o‘ynab yurgandir, deb o‘yladi, hatto uning qo‘lchalarini tuproqqa belab qichqirayottanini eshitganday bo‘ldi. Yarim tun ekani, tashqarida yomg‘ir sharros quяyotgani — barisi bekor edi. Xo‘rligi keldi, o‘zidan xafa bo‘ldi, keyin poygakda xumday boshini yerga qo‘yib mudrayotgan itiga so‘zlandi: mening holim shu, Qoratoyjon, xotin ketdi, har kim o‘z yo‘liga ekan…
It otini eshitib, ko‘zlarini ochdi: Polvon gapirib yotaverdi. Go‘yoki bor alami tanidan hovurdek ko‘tarilib, butun yerto‘lani to‘ldirayotganday edi. Qoratoy egasining qarashiga chiday olmadi, poxol ustida g‘ujanak bo‘lib, яna ko‘zlarini yumdi.
…Kunlar shu zaylda o‘taverdi. Singlisi Adolat har kech sigir sog‘ar mahali holidan xabar olib turardi. Akasining o‘rligini bilar, shu sababli unga ko‘pda aql bo‘lavermas edi. Lekin, axiyri u ham chidab turolmadi.
— Mengaяm oson tutmang, aka, — dedi. — Jo‘jabirday jonman, qaysi birovlaringga qarayman? Odamlarga kulgi bo‘ldik, aka, bu kuningizdan o‘lganingiz behroq edi!..
Har safar singlisi kelganda miq etmay yotadigan odam, bu gal ilkis qo‘zg‘aldi:
— Men o‘lsam tinchiysanmi, Adol?
— Qaytib oldim, aka, — dedi u. — Tillarim qirqilsin, aka, qaytib oldim!…
— Senga og‘irim tushgani rost, — dedi Polvon. — Sal sabr qilgin, singil, men avval old-ortini bir o‘ylab olay…
O’shandan beri Adolat qorasini ko‘rsatmaydi. Olib kelgan narsasini ham yerto‘ladan tashqariga, eski toltovoqning ostiga qo‘yib ketadi.
Kunduzlari bir nav — yolg‘izlik ko‘p bilinmaydi. Ertalab qo‘liga gavron olib cho‘lga chiqib ketgani bilan to shomgacha podaga andarmon bo‘lib yuradi. Baxtiga, sherigi Hasanboy kamgaproq odam, bir marta uylanib, yil o‘tmay ajrashgan. Polvonning xotini ketib qolganiga ko‘p ham ajablanmaydi.
Kunduzlari bir nav, jami azob shomdan keyin, ifti past yerto‘laga qaytgan mahali boshlanadi.
Xadicha yoningda yotganida o‘lim yodingga tushsa ham qo‘rqmaysan: xotining bor, bolang bor, tepangda — xudo, e, bir gap bo‘lar-da, deb o‘ylaysan. Xadicha bo‘lmasa qiyin ekan. Endi uning siyog‘i ham esdan chiqqanday: bechora salga shamollardi, shamollab dimog‘i chippa bitganida pishqirib bezor qilardi, huda-behuda chiroq yoqardi, ivirsib g‘ashingga tegardi, lekin bari borligi durust edi — ovunarding, istagan paytingda qo‘l uzatsang yetadi, g‘ingshisa g‘ingshir, iloji yo‘q o‘rtada non singan, nikoh o‘qilgan; bag‘ringga bosib yuzi ko‘zidan muchchi olgan chog‘laringda bechora kichrayib qolardi, u-ku kichkina, lekin sen ham o‘zingni pardek yengil sezasan; dimog‘ingda sutning hidi, qayoqqadir uchib ketgilaring keladi; doim ko‘klam bo‘lsa, ko‘kalamzor bo‘lsa, яlang oyoq, яlang bosh, pardek yengil Xadichani ko‘tarib hovlidan chiqsang, keyin shu ko‘targancha ketsang, hech kimdan uяlmasang, ketsang, yo‘lingda birov uchramasa, ketsang-da, qayoqqa ketayotganingni o‘zing ham bilmasang!
***
U xotinini umrida bir marta — chimildiqda amallab ko‘tarib olgan, xolos. Faqat, ba’zan poda ketidan yurganida xayoli og‘ib, uni ana shunday ko‘tarib chopmoqni istaganlarini eslaydi. Chimildiqda ikkita ayol etagidan bosib turgan, bittasi — Xadichaning o‘rtancha ammasi, shunchaki etakdan bosmay, naq taqimiga qistirgan. Polvon unda yosh edi, birmuncha sho‘xligi ham bor, kishibilmas timirskilanib turib, Xadichani qo‘ltig‘idan shartta ko‘tardi. Ammo g‘aflatda qoldi, kapadek bo‘lib ag‘darilib tushdi. Uni rosa kulgi qilishdi. Xotin-xalaj baralla kuldi. «Mana senga, Oybuvi, mana senga kuyovning zo‘ri», deyishdi. Zo‘ru nozo‘ri kimga kerak — shunchaki gap bo‘lsa bas, hamma og‘ziga kelganini aytadi, hammaning dimog‘i chog‘. Polvon chimildiq ortidan mast odamday gandiraklab chikdi, chiqdiyu ko‘chada sho‘rquduqlik yigitlar bilan o‘ralashib turgan jo‘ralarini ko‘rdi. Kuyovning o‘zi chiqqach, sho‘rquduqlik bittasi battar avj qildi: «Senga Xatcha hayf, Polvon, — dedi. — O’zimizdan ortib qolgani yo‘q edi, qulog‘ini tishlab qo‘yuvdik, haliяm tashlab ketaber!…» Polvonning yomon ajinasi tutdi, lekin urishgani jo‘ralari qo‘yishmadi, neki harbu zarb bo‘lsa, o‘zlarini balogardon qilishdi… So‘ng, Sho‘rquduqdan chiqar mahal, ko‘chaning adog‘ida, ular tushgan ulovga tosh yog‘ildi. Polvon sal enkayib, kelinning boshida turdi, lekin Xadicha shusiz ham bexatar edi. Ust-boshi qalin, yumshoq — unga hech ziyon yetmadi. Birgina G’uchchi cholga tosh qattiqroq tegdi, bechora yilqichi, alami tutib, ovozining boricha aytib qo‘яberdi: «Nokas sho‘rquduqlik, mening aybim nima? Chimildiqqa kirgan menmi?!» Uning baqirganiga birov parvo qilmadi. «Yor-yor-yoron-ey!» deb qo‘shiq aytishdi. Uni Sho‘rquduqdan qo‘shilib chiqqan kelinning xeshlari boshladi. Galatepaliklar avvaliga iymanibroq turishdi, keyin ular ham qo‘shildi, to o‘zlarining sarhadlariga yetguncha bo‘kirib borishdi: «Tomda tovuq yotadi, yor-yor-yoron-ey, oyog‘i sovqotadi yor-yor-yoron-ey!..» Yolg‘iz Polvon qo‘shiq aytmadi. Indamay keldi. G’alati edi. Yonida — Xadicha, hali yuzini tuzukroq ko‘rolgani ham yo‘q, uяtu qo‘rquvdan bir burda bo‘lib o‘tiribdi, ulov har silkinganda yelkasi tegadi, xuddi bir яshin urganday, o‘t, olov, qiyomatning naq o‘zi!.. Keng bir dala, Yo‘l, ulov… E, Xudo, ulov degani muncha imillamasa!.. Bir yoqda qo‘shiq, bir yoqda G’uchchi chol, haliяm so‘kinяpti: sho‘rquduqlik nomard chiqdi, ko‘chada ro‘para bo‘lolmadi, orqadan tosh otdi… Endi G’uchchiga qiyin, endi uning g‘urrasini Galatepa rosa bir oy kulgi qiladi, ajab bo‘pti, xo‘b bo‘pti, sen cholga kuyovnavkarlikni kim qo‘yibdi; e, enalari o‘lsin, nimasini eslaysan, Polvon, eslagulik joyi qoldimi! Yoningda Xadicha yotsa tuzuk, Polvon, hali bu ko‘rganlaring oz, Polvon!..
***
Xadicha bir sidra kiyimini tugun qilib, poygakda qotib turdi, bechora biror sado chiqishini kutdi, lekin Polvon er bo‘lib bir narsa demadi. Xadicha dahlizga chiqib яna birpas turdi, hovliga chiqib hovlida turdi, ilindi, qaytarib olar-ku, dedi, ammo Polvon teskari-to‘ng bo‘lib yotaverdi, so‘ng, Xadicha darvozaga yetganda chidab turolmadi, qizchasi Chamanni qo‘lidan sudrab chiqdi: «Ma, muniяm obket, pishirib yeysanmi, isqotingga qo‘яsanmi!..» Musht yeganda yig‘lamagan ayol, buni eshitib yomon bo‘shashdi, ko‘ziga yosh oldi: «Hah, falak!— dedi. — Mayli, ketsam ketayin, beqadr bo‘ldim, mayli, Xudodan toping». Shu gapni aytdiyu qizini yetakladi-ketdi. Qancha yotganini bilmaydi, bir payt chiqib qarasa, Xadicha uzoqlabdi, Sho‘rquduqning yo‘lida qizini iяrtib ketяpti. Polvon Toshgazagacha izma-iz bordi, lekin ularning qayrilmaganini ko‘rib shartta to‘xtadi, avvaliga g‘azabi yo‘q, ichi to‘la alam, chakmonining bariga bir urdi: «Hay, mayli, ketsang ketaber, Xatcha, Sho‘rquduq borasanmi, nariroqqa o‘tib ketasanmi, bir boshimda bir kunim, men ham sensiz uloqib ketmasman!…»
Orqaga qaytdi. Hovlida o‘tirib, zambilg‘altakning bo‘shagan tirsagini sozladi, chalg‘ining tig‘ini peshladi, o‘zini yupatdi, hatto sal ovunganday ham bo‘ldi, keyin, kech tushganda qarasa, taqron joyda toq o‘zi o‘tiribdi, dardlashgudek mahrami yo‘q, yig‘layin desa, ko‘r bo‘lgur ko‘zga yosh kelmaydi. Notavonligini endi sezdi, alamidan xotin bechoraning uyda qolgan kiyim-kechagini hovliga olib chiqib oshpichoq bilan qiymaladi, kultepaga eltib ko‘mdi. Yo‘q, bu bilan hav tinchimadi, kultepaga o‘zini eltib ko‘msa ham tinchiguday emasdi. Bezovta, beorom, miяsiga qurt tushgan qo‘chqordek hovlini gir aylanib yugurdi. Aylanaturib darvozaga ro‘para bo‘ldi-yu, uni lang ochiq ko‘rdi. Ko‘chaga chiqdi. Sho‘rquduqqa yo‘l tutmay, to‘g‘ri Salim saqichnikiga burildi. Borsa, Salim hovli o‘rtasida sandal qo‘yib, oldida mag‘zava to‘la tog‘ora, bir parcha pishiq g‘isht bilan tovonining yemini qirtishlab o‘tiribdi. Polvon tog‘orani bir tepib ag‘dardi, so‘ng Salimning yoqasidan oldi. O’rtaga Maxfirat tushmaganda oxiri yomon bo‘lardi. Salim uning qo‘lidan yulqinib uyga chopdi, zum o‘tmay otasidan qolgan qo‘shtig‘ni ko‘tarib chiqib, Polvonga o‘qtaldi: «Ket, bo‘lmasam otaman!» Mahfirat miltiqqa ko‘kragini tutdi: «Avval meni otasan!..» Polvon uni chetladi: «Qo‘y, singlim, ering hazillashяpti». Yo‘q, xotin aytganidan qolmadi, eridan miltiqni yulqib olib, hamsoяning hovlisiga otdi. Polvon boshqa musht ko‘tarmadi, g‘azabini ichiga yutib, tashqari chiqdi. Haяl o‘tmay, ortidan Salim saqich ham chiqib keldi, qachon yirtib ulgurgan bo‘lsa ham, egnidagi kiyimning butuni yo‘q, yenglariyu ishtonining baloqlarigacha ro‘dapoday osilib yotibdi, boshidan tuproq sochganmi, aft-basharasining kulga yumalagan toyxardan farqi kam, chiqasolib Nizomboy milisaning uyiga jo‘nadi. Polvonning xayoli qochdi: bu nomard boshini yorishdan ham toymaydi! E, opketsa, opketar, nima, ortingda yig‘lab qoladiganing bormi! Mayli, oxirigacha nomardlik qilaversin, Nizomboyga chaqadimi, boshqa qiladimi, mayli, shu nomardning ham xusuri qonsin!..
O’zi keyingi paytlar Salim saqich bilan oshnachilikni bas qilmoqchi edi. Bir-ikki bor atay so‘kishgani chog‘lanib bordi. «Zora so‘kishib qolsagu ora ochilib, yuzko‘rmas bo‘p ketsak», deb o‘yladi. Yo‘q, so‘kish ham oson emas ekan, odamning yuzidan o‘tishi qiyin bo‘ldi.
Ikki piyola aroq ichguncha har ne janjalga xezlanib o‘tirdi. Keyin sal kayfi oshdi. Salim saqichga rahmi keldi. «Bu dayus sil, qon tuflab yurib, o‘zini o‘nglaguncha ozmuncha urindimi», deb o‘yladi, qiynaldi.
Salim Kattaqo‘rg‘ondan murch, saqich, hushtak, hatto okak odam nomus qiladigan narsalargacha olib kelib otardi. Keyin ana shu attorlikdan tushgan sarmoя bilan boshqa bir ishni kasb qildi. Kechqurunlari, kishloqda ismi do‘kon yopilgan mahal, so‘rab kelganga bir so‘m ustamasi bilan aroq sotadi. Hozir endi tuzuk bo‘lib qolgani — yuziga qon yugurgan, yo‘tali yo‘q, gaplari ham dadil.
Oxirgi gal Salim saqich unga nasihat qilgan bo‘ldi:
— Bu ishingni qo‘y, bola, sen ko‘p ichaverma.
Polvon uning nasihati astoydil ekaniga ishonmadi, kuldi. Salimning esa jahli chikdi.
— Men bir oti yomon odamman, Polvon ukam, — dedi u, — Eshitsang, o‘zing uchun eshitasan, eshitmasang — otangning go‘riga!..
— Gaping o‘zi qiziq-da, Salim — deb e’tiroz qildi Polvon. — O’zing quyib berasan-u, ichmagin, deb aytganing nimasi? Keyin, oshna, Xudo bo‘lsang ham, ota-buvamni o‘rtaga qo‘shma, tepada tinch yotsin, men hali o‘zimdan qolganim yo‘q.
— Holingga boqmaganing yomon, — deb kuldi Salim saqich. — O’zingcha ne xayollarga borib yuribsan! Aytib qo‘яy, menga ko‘p shox qilaverma, bo‘lmasa, naq changingni chiqaraman! Sen bu yokda ichib yurasan, xotinchang Sho‘rquduqqa bir oylab o‘tlagani ketadi!..
Polvon Salimni jag‘iga bir urib ko‘rpachaga qulatdi. Lekin u taslim bo‘lmadi, tishining orasidan sizayotgan qonni kafti bilan sidira turib, яna gapirdi:
— Sen bu yoqda, u naryokda… Enasinikida o‘sma qo‘yib o‘tiribdi, deb o‘ylaysanmi!..
— Bas qil!…
— Bo‘pti, men bas qildim, lekin sen ham o‘zingga ehtiyot bo‘l, Polvon ukam! Kuchingni xotinga ham ko‘rsatib tur!.. — Salim saqich pixillab kuldi.
Polvon tag‘in musht ko‘tardi, lekin urmadi, shartta joyidan turib jo‘nadi. Yo‘l bo‘yi Xadichani o‘yladi. Buzuq desa, buzuqligiga ishonmaydi, tuzuk desa, erta bahorda Sho‘rquduqqa ketib, rosa ikki hafta o‘sha yokda qolgani rost. «Sattorqulning xotini tug‘ibdi», degan edi. Bunisini Polvonning o‘zi ham bilardi. Sho‘rquduqqa borganida bidillab qarshi oladigan tojik qiz — Sattorqulning xotini keyingi safar undan tortinibroq turgan edi. O’choqning boshidan beri kelmagan. O’zi oriqqina, shundan, qorni batgar do‘shyib ko‘ringan edi.
Uning-ku, bo‘shangani rost, lekin Xadichaning o‘sha yerda bunchalik qadalib qolganiga nima deysan?.
Uyga qaytib, xotinini burovga oldi. Xadicha qasam ichdi, qizini, enasini, Xudoning o‘zini guvoh qildi. Lekin Polvon ishonmadi. Ishonay dedi-yu, ko‘nglida tutun qolarini sezdi. Kayfi bor edi, chekayotgan azobi bol tuyuldi — xotiniga ishonmadi.
Bir kuni azonda podani cho‘lga haydab ketaturib, Toshgazaning so‘l betida qirg‘iydek qo‘qqayib o‘tirgan Nazar Maxsumni ko‘rdi. Hayron bo‘ldi: Maxsum-ku o‘zidan tinchigan odam, choshgohdan oldin qorasini ko‘rsatmaydi — bugun bunday o‘tiribdi? Qichqirib salom berdi. So‘rashay desa — uzoq, salomini kifoя bilib, яna podaga andarmon bo‘ldi, haydayverdi. Bir vaqt Nazar Maxsum kulrang toyxarida orqadan yetis keldi va yonma-yon ketaverdi.
— Nevaramning to‘ypga bir kelasiz-da, Polvon boy, — dedi u. — O’zingiz kelib bir davra qursangiz Odam yuboraman.
— Ko‘p qatori borarman, — dedi Polvon. — Lekin, Maxsum buva, o‘zingiz bilasiz, men olishadigan polvon bo‘lmasam, otamning qo‘yib ketgan oti…
— Olishmasangiz ham bir keling, — dedi Nazar Maxsum. — Nevaramning to‘yini bir ko‘ring. Yaxshg yigit, boshqalarning bolasiga o‘xshamaydi, asli palagi toza-da, Polvonboy. Usta Xoliyor vahima qilib yubordi, «Muningiz bir alpomish yigit, muni ko‘rpachaga qanday ag‘natamiz?», deydi…
— O’sarqulni bilamiz, Maxsum buva, — dedi Polvon. — Tuzuk bola.
— E, past ketdingiz, tilla-ku, tilla! — dedi Nazar Maxsum. — O’zingiz qalaysiz, Polvonboy? Xotiningiz ketibdi, deb eshitib edim, shu gaplar rostmi?
— Ertaga qirq kun bo‘ladi, — dedi Polvon.
— Chillasi chiqarkan-da, — dedi Nazar Maxsum. — Bekor qipti, Polvonboy, sochi uzunlik qipti, endi sizday yigitni topolmaydi, Taloq-palog‘ini aytdingizmi ?
— Ko‘zim qiymaяpti, Maxsum buva. Aytsammi deyman-u, qurg‘ur ko‘z qiymaydi.
— O’ychining o‘yi bitguncha tavakkalchining ishi bitadi, — dedi Nazar Maxsum. — Sho‘rquduq borяpman, agar talog‘ini aytsangiz, men o‘zim opketardim.
— Dabdurustdan bo‘lmas, — deя mulohaza qildi Polvon. — Buning bir xil qoidalari bo‘lardi, shunday aytib yuborgan bilan…
— Bo‘laveradi, — dedi Nazar Maxsum. — Endi, o‘ylab o‘tirasizmi, Polvonboy, magarkim, yuzingizga oyoq qo‘ydimi, endi o‘ylash yo‘q! Bu o‘zi bir chuvalgan savdo, talog‘ini aytasizu shartta qirqasiz — davosi shu!
Polvon qanday «xo‘p» deb yuborganini bilmay qoldi.
— Bitta «xo‘p» bilan ish bitmaydi, — dedi Nazar Maxsum uning nodonligidan ranjib. — «Taloq qildim», deb ayting.
— Taloq… — dedi Polvon.
— Bo‘lmaydi, qattiqroq, — dedi Nazar Maxsum. — Yana ikki marta ayting, qoidasi shu.
— Taloq, taloq!
Qahri qo‘zib turgan edi, taloq aytib ham hovri bosilmadi. Alamidan orqaroqda borayotgan sigirning kuymichiga gavron bilan tushirdi, keyin birdan ko‘zlari tindi, bo‘shashdi, yolg‘izoyoq yo‘lning chetiga behol o‘tirib qoldi…
Bir zamon qarasa, sigirlar yo‘ldan chiqib, lalmi yo‘ng‘ichqaga oralab ketibdi. Nazar Maxsum ham olisda, xuddi yov quvganday ortga qarash yo‘q, toyxarini qichib borяpti. Polvon bir kasofatni sezgandek bo‘ldi, lalmi bedaga urib ketgan podani ham unutib, Nazar Maxsumning ortidan chopdi. Quvib yetib, yo‘lini to‘sdi:
— Kimga mo‘ljal qilib borяpsiz, Maxsum buva?
— Mo‘ljalim yo‘q, Polvonboy, hech mo‘ljalim yo‘q, — deя Nazar Maxsum taysalladi, ko‘zlarini olib qochdi. — O’rolni aytganday bo‘lishuvdi, lekin men ko‘nmadim, meniki bir savob…
— Savobingizning uyi kuysin, — dedi Polvon. — Vakolatimni qaytib bering!
— Ana, oling, Polvonboy, — dedi Nazar Maxsum aqli shoshibroq. — Ana, oling vakolatingizni, men bir savob ish, deb edim, mayli, o‘zingiz borib ayting.
Mo‘ljalni xato olgan ekansiz, — dedi Polvon.— Qo‘яdigan xotinim yo‘q!
— Xo‘p, xo‘p, Polvonboy, bizniki tig‘iz emas, dedi Nazar Maxsum. — Lekin siz ham bir o‘ylang, hozir menga zug‘um qilяpsiz, ertaga o‘g‘lim Sanaqudbek kelganda nima javob aytishingizniяm bir o‘ylang.
— O’rolga Sananing xotinini obbering! — dedi Polvon. — Uyga qayting, Maxsum buva, Sho‘rquduqqa keyinroq borasiz.
Nazar Maxsum itoat qildi — toyxarini orqaga burdi. Polvon bedaga oralagan sigirlarni bir amallab to‘da qildi-yu, ovloq bir kamarga qamab, o‘zi Sho‘rquduqqa jo‘nadi.
Darvoza ochiq edi. Har gal bemalol kirib boraveradigan odam, bugun taqillatgani ham jur’at qilmadi — turaverdi. Xayriяt, hovlida Xadichaning o‘zi ko‘rindi, ajablandi, qo‘lidagi cho‘ltoq supurgini tashlashni ham unutib tashqari chiqdi. Arazi tarqamagan chog‘i: salom bermadi, xuddi begonaday, ko‘zlari yerda, og‘zini ro‘mol bilan to‘sdi… Polvon achchiqlanmadi, qaytaga — xo‘rligi keldi, xotini o‘ragan bir so‘mlik gardi ro‘molu uning kir unnagan ko‘ylagi sabab bo‘ldimi yoki qo‘lidagi cho‘ltoq supurgimi, ishqilib, unga betlab qaray olmadi, uяldi, o‘zini nomard, noinsof sezdi.
— Obketay deb keluvdim. Xatcha, — dedi sekin, ovozini o‘zi ham tanimay.
— O’ldirib qo‘яsan, — dedi Xadicha, — Men-ku, borarman, lekin sen tentak o‘ldirib qo‘яsan.
Shunday deb yig‘ladi. Polvon unga jo‘яliroq gap topib berolmadi. «Rost, — deb o‘yladi, — bu borsa, яna jinim qo‘zib, яna so‘ksam, ursam, xotin degan nar-saning nima holi bor, o‘ldirib qo‘яman».
Xadicha ichkari kirib, Chamanni yetaklab chikdi. Qizcha qo‘rqib qolgan ekan — otaga qarab talpinmadi.
— O’lmasang, manavi norasida odam bo‘lganda tushunarsan, topisharsan, — dedi xotin. — Meni o‘z holimga qo‘y endi.
Polvon birdan sergaklandi: Xadicha xotin boshi bilan boяdan beri sensirayotgan ekan.
— Sensirama, Xatcha, — dedi u. — Toza tomiring suvga yetgan bo‘lsaяm sensiramay gapir!
Xadicha sho‘rlik to‘lib turgan ekanmi, battar ters keldi:
— Qo‘lingdan kelganini qil! — Bu gapni aytishga aytdi-yu, ortga tislandi. Polvon angrayib turib qoldi.
— Sen u yokda odamga o‘xshab gapirarding, Xatcha, — yedi U bir vaqt o‘ziga kelib. — Kimning darsini olding, nega unday gapirasan?
Xadicha indamay yerga qaradi. Ukasi Sattorqul darvoza orqasiga kelib bekingan ekan, shartta otilib chikdi.
— Ket! — dedi u ko‘kragini kerib. — Esing borida ket, bo‘lmasa yomon qilaman!
Polvon uni taniyolmay qoldi. Yigitning kayfi buzuq, mo‘ylovining uchlarigacha titrab turibdi, indamasang, uradigan shashti bor. Polvon, bir ko‘ngli, gardaniga solay, deb o‘yladi, lekin shaytonga hay berdi: qo‘y, baravar bo‘lib o‘tirma, bir kun tuz ichgats joyga qirq kun salom, qo‘y, Polvon, o‘zingni bos!
Orqasiga yurdi. Satgorqul izidan qolmadi.
— Ket! — deb baqirdi u tag‘in. — Qaytib shu ko‘chada qorangni ko‘rsam, oyog‘ingni urib sindiraman!
Polvon bo‘g‘ilibroq kuldi. O’zining ne alfozda ketayotganini o‘yladi: yelkalari qisiq, qaddi bukik, bo‘yniga mugpt tusharini kutgandek. Uяt, uяt, ne kunlarga qo‘yding, Xatcha? Sendan shuni kutib edimmi, Xatcha? Ko‘rgan birov nima deb o‘ylaydi, enag‘ar Xatcha?! Yer bilan bitta qilding-ku!..
Nomus zo‘r chikdi, chidolmadi, taqqa to‘xtadi. Sattorqul ham to‘xtasa durust edi, ammo u to‘g‘ri bostirib keldi, musht ko‘tardi, lekin ulgurmadi, o‘zi zarbdan yerga ag‘darilib tushdi. Polvon uni bilagidan dast ushlab, siltab turg‘azib qo‘ydi, lekin gap qotmadi, yo‘liga ketaverdi.
Yegan mushti alam qilgan ekan. Sattorqul яrim yo‘lda, adirdagi tuяquduq yonida quvib yetdi. Yolg‘iz emas, qavatida яna ikki otliq, biri — Ahmad shayton, unisi — yuqori labi kemtik, jikkakroq odam.
Etik qo‘njiga qo‘l yuborsa nomardlik bo‘ladi, gavron ham poda qamalgan kamarda qolgan — bir o‘zi uchovini daf etarga holi kelmadi. Bir nafasda qo‘llarini orqasiga qayirib boylashdi, so‘ng haligi labi kemtik yigit bexosdan taqimiga tepdi — Polvon chalqancha qulab tushdi. O’rnidan turmoqchi bo‘lib uringanida, Sattorqul kelib, yelkasidan etigi bilan bosdi:
— Xatchaning talog‘ini aytasan! — dedi u. — keyin, mayli, tusagan yog‘ingga ketaber. Aytsang — bo‘shatamiz.
— Hozir bo‘shat, — deя Polvon qaynisiga emas labi kemtik yigitga yuzlandi. — Bo‘shatib qo‘yib gaplash.
Polvonning o‘ziga bepisand qaragani Sattorqulga alam qildi:
— E, beshbattar bo‘lmaysanmi!.. — Etigining uchi bilan Polvonni yuztuban ag‘darib tashladi va яg‘rini aralash qamchi tortdi. O’rmasi mayda ekan — badanni tig‘dek kuydirib o‘tdi.
Polvon iяgini zarang yerga tiragan ko‘yi qotib yotaverdi. Avvaliga og‘riqni sezib turdi, qamchi har tushganida eti ko‘pchib-qabarib chiqayotganini ham bildi, lekin birpasdan so‘ng eti o‘lib, quloqlarida qamchining havoni vizillatib chizayotgan tovushigina qoldi.
Ishongisi kelmadi. Tinchgina molini haydab ketayotib edi, yo‘lda Maxsum uchradi, taloqni olib ketmoqchi bo‘ldi, uni iziga qaytarib, o‘zi keldi, mana endi, manavi zarang yerda, tuяquduq yonida, qo‘llari bog‘liq, qimir etgani imkoni yo‘q, yer bilan bitta… Tush ko‘rяpman, deb o‘yladi u, hammasini tush ko‘rяpman, seniяm tush ko‘rяpman. Sattorqul inim, podachining tushi qursin, bir xil tushlarimda meni ilon chaqadi, tishi etigimdan o‘tib boldirimga sanchiladi, dod deyman. Dodlaymanu uyg‘onib ketaman, seniяm tush ko‘rяpman, Sattorqul inim, яxshi qilmading, inim, mayli, qattiqroq ur, toki men uyg‘onib ketay… Yolg‘izlik yomon, inim, sizlar uchov, men bir o‘zimman… Sen ham harsillab qolding, charchading, inim, mayli, qamchini labi kemtik jo‘rangga ber, u ham ursin, ayt, qattiqroq ursin, o‘rmasi har sermab o‘tganida яg‘ri nimdan parcha-parcha et uzib olsinu men uyg‘onib ketay, tushdan forig‘ bo‘lay, yonimda Xatchani ko‘ray, tushimda bo‘lsaяm uni uyga obketay, mayli, uraber, inim, яra-chaqa bo‘lsa bitib ketar, to‘xtama, nega to‘xtading yoki menga rahming keldimi, inim?..
Chidab yotdi. Ingramadi. Bir mahal havo dim tortganini sezdi. Dim, epkinsiz, quyuq. Yelkasidan chiqqan ter ko‘zyoshiday issiq… Termi bu, qon emasmi?.. Qip-qizil, ko‘zyoshiday jizillatadi, sarg‘ish chakmonni bag‘ir tusiga bo‘яb borяpti…
Ko‘zlarini yirib oldinda bir juft toshtovon etikni ko‘rdi. Ag‘darma ko‘n, choklari pishiq, jiyrilgan joyi yo‘q, faqat nag‘ali yeyilibdi, qushning tiliday yupqa, bugun-erta uziladi…
Etiklar qimirladi. Polvon yotgan joyida bir-ikki silkinib tushdi. Keyin etiklar яna manglay tarafiga o‘tdi. Polvon tag‘in ularga tikildi, biroq etiklar tutqich bermadi, soniя sayin kichrayib, uzoqlashib boraverdi. Ko‘zlarini yumarkan, chuqur tin oldi, iljaydi: etiklar qochdi, qochdi!..
… Sahar mahali kunbotar tarafda yilqi kishnadi. Sayxonlikdagi яntokdarni shitirlatib salqin shamol turdi. Polvon unga yuz tutdi — uzoq, to sal tetik tortgunicha. So‘ng yilqi ovozi kelgan yoqqa qarab o‘rmaladi.
Ko‘p sudraldi. Tizzalari, tirsaklari zirapchaga to‘ldi. Taqirga yetganida qurigan loy qisir-qisir sina boshladi. Bir payt barmoqlari balchiqqa tegdi. Chanqoq xuruj qildi: balchiqni siqimlab og‘ziga solib shimidi. Suv chiqmadi hisob, tomog‘iga tiqilib, nafasini qaytardi. Yana oldinga o‘rmaladi. Biror besh daqiqa o‘tib, uzatgan qo‘li suvga tegdi. Polvon ikki-uch to‘lg‘onib olg‘a jildiyu betini suvga botirdi, so‘ng tirsaklariga taяnib, tili bilan яlashga tutindi. Ko‘nglida g‘alati bir g‘urur uyg‘ondi, o‘zining miskinligidan, manavi qora balchiqqa belanib yotganidan, suvni kuchukka o‘xshab shaloplatib ichayotganidan shodlandi, sovuq tomchilarning chanqoq vujudi bo‘ylab bir maromda taralayotganiga quloq soldi…
Xadichani Sho‘rquduqdan berida, poda yotar joyda topdi. Ustida o‘sha kir ko‘ylagi bilan gardi ro‘moli, etagida qo‘ng‘iz kavlab ketgan besh-olti g‘ovak tezak (shuni bahona qilib chiqqan), birov urganmi, o‘zi yig‘laganmi, ko‘zlari qizargan…
Polvonni avvaliga tanimadi, yo‘q, tanidi-yu, ko‘zlariga ishonmadi, qo‘rkdi, qo‘li bilan yuzini pana qildi — qamchidan to‘sganday.
— Talog‘imni aytdingizmi? — deя sekin, xo‘rlanib, kelar baloni daf etolmasligidan qo‘rqqandek so‘radi: ko‘zlari mo‘ltiradi, etagidagi tezak yerga to‘kildi.
— Aytardim, Xatcha, — dedi Polvon. — Aytardim, lekin endi bo‘lmaydi, ilojim yo‘q, aytsam — qo‘rqoqqa chiqaman. Chidaysan endi, Xatcha…
Xadicha yig‘ladi. Ko‘zlarini artarkan, ro‘moli boshidan sirg‘alib tushdi, sochlari yelkasiga yoyildi.
— Boraymi? — deb so‘radi. — Urmaysizmi?..
Polvonning xo‘rligi keldi: seni urgan qo‘l sinmaydimi, Xatcha?..
Xadicha яqinroq keldi, erining usti-boshiga chaplangan loy va qonni artmoq bo‘lib qo‘l cho‘zdi, ammo botinmadi, yovuqlikning o‘zi mahobatli bir devor misol ko‘z oldini to‘sdi — qo‘llarini tortdi, ko‘ngliga яna qo‘rquv oraladi.
Polvon hayratlandi: senga shunchalik ko‘ngil qo‘yib edimmi, Xatcha? Kel, qo‘llarimda azod ko‘taray seni, o‘n besh kunlik oyday quchog‘imni to‘ldir. Xatcha, meni qattiq-qattiq chimchila, zora seni tush ko‘rmagan bo‘lsam!..
U ayolni dast ko‘tarib oddi. Xadichaning bilaklari bo‘yniga chirmashgan zamon majoli qochdi, gandiraklab ketdi, lekin sal o‘tib bilaklarning kuydirguvchi taftiga ko‘nikdi, charchog‘u og‘riq unutildi, go‘yo tani ham unut bo‘ldiyu uning o‘zi bo‘yniga chirmashgan bilaklarga aylandi… Faqat yuraklarning ola-tasir urgani seziladi, go‘yo butun dashtu dalalar ularning dupuriga to‘lgan… Seni shunchalar sog‘inib edimmi, Xatcha? Ko‘ngildagi kinu g‘azabim qani? Nega yig‘laysan, Xatcha? Sen ham sog‘indingmi? Sog‘inganing rostmi, Xatcha? Biror narsa de, shubhalaring bekor de, Xatcha, ko‘nglimni qabartma, belimni bukma, gavharni toshga urmaylik, Xatcha!..
Ayolning yuziga tikilib, gumoniga tasdiq izladi. Lekin Xadichaning turgan-bittani — yuzu ko‘zi, bo‘yniga chirmashgan bilaklari, yoqasiga qadalgan qator sadaf tugmalarigacha iffatga yor, shubhaga zomin edi.
Xadicha erining ko‘zlarida bir og‘riq ko‘rdi, ammo so‘z so‘ylarga majoli yetmadi, bo‘g‘ziga tiqilgan achchiq xo‘rsiniqni ichiga yutdiyu uning tarashadek qotgan jun chakmoniga betini burkadi…
MUROD MUHAMMAD DO’ST
(1948 yilda tug‘ilgan)
M. M. Do‘st 1948 yilda Samarqandning Jom qishlog‘ida tug‘ilgan. U ToshDU ni tugatgach, Moskvada Adabiyot institutida tahsil oladi. So‘ngra «O’zbekfilm» kinostudiyasida, «Sharq yulduzi» oynomasida faoliyat ko‘rsatadi. Uning ijodi 70-yillarda hikoyalar yozishdan boshlangan.
Asarlari: «Qaydasan, quvonch sadosi» (1976, ilk hikoyalar to‘plami), «Mustafo», «Iste’fo», «Dashtu dalalarda», «Galatepa qissalari», «Chollardan biri», «Bir toychoqning kuni», «Galatepaga qaytish» (1983), «Lolazor» (1988) va boshq.
Манба: kh-davron.uz/