• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

“Oʻqituvchining eng buyuk vazifasi o‘quvchisi oldida samimiy bo‘lish va uni ilhomlantirishdir” — Toshkentda ishlayotgan serbiyalik professor Mariya Kovach


Taʼlim va til oʻrgatish – shunchaki maʼlumot ulashish emas, balki turli madaniyatlar oʻrtasida muloqot va oʻzaro tushunish koʻprigini qurish demakdir. Dunyoning turli nuqtalarida faoliyat yuritib, endilikda Toshkentdagi Vebster universitetida talabalarga saboq berayotgan serbiyalik mutaxassis Mariya Kovach ana shunday professionallardan biridir.

Uzoq yillik xalqaro tajribaga ega pedagog Vebster universitetining magistratura bosqichida TESOL (ingliz tilini o‘qitish) va EDIN (Taʼlim va innovatsiyalar) dasturlari boʻyicha boʻlajak oʻqituvchilar hamda mutaxassislarga taʼlim berib kelmoqda. “Daryo” muxbiri u bilan Serbiya va Kuvaytdan Tanzaniyagacha boʻlgan pedagogik sayohati, Oʻzbekistondagi taʼlim muhiti hamda sunʼiy intellekt davrida til oʻrganish va yozuv mahoratining kelajagi haqida suhbatlashdi.

Dunay boʻylaridan boshlangan yoʻl

Qahramonimiz Serbiyaning Belgrad shahri yaqinidagi, Dunay daryosi boʻyida joylashgan qadimiy Panchevo shahrida tugʻilib oʻsgan.

Panchevo – boy tarixga ega, daryo boʻyida joylashgan savdo markazi boʻlgan. Dunay daryosi asrlar davomida ikki buyuk imperiya – Usmoniylar va Avstriya-Vengriya oʻrtasidagi chegara vazifasini oʻtagan. Shuning uchun ham bu hududda turli madaniyatlar va tillar aralashib ketgan.

“Bolaligimdanoq koʻp tilni bilish insonlar oʻrtasidagi eng muhim muloqot va jamiyatga moslashish vositasi ekanini his qilib oʻsganman”, deya xotirlaydi u.

image_2026-09-29_15-59-39

Oʻqituvchilik kasbiga boʻlgan qiziqish esa unda maktab yillarida, ingliz tili darsida paydo boʻlgan. Dorilfununni yangi tamomlagan va gʻayrat-shijoatga toʻla yosh oʻqituvchining noanʼanaviy uslublari, guruhlarda ishlash va oʻyinlar orqali dars oʻtishi Mariyada “oʻrganish – bu zavqli jarayon” degan tushunchani shakllantirgan.

Universitetda ingliz tili va adabiyoti yoʻnalishida tahsil olgach, u oʻz faoliyatini Serbiyadagi Kovin nomli kichik shaharchadagi oddiy maktabda ingliz tili oʻqituvchisi sifatida boshlaydi.

Tanzaniya sarguzashtlari va til toʻsigʻi

Mariya Kovach Oʻzbekistonga kelishdan avval Tanzaniyada AQSH nodavlat tashkiloti tarkibida xalqaro missiyada faoliyat yuritgan. Arusha shahri yaqinidagi olis hududlarda mahalliy oʻqituvchilarning dars berish metodikasini va ingliz tili savodxonligini oshirish boʻyicha ish olib borgan.

“Tanzaniyada boshlangʻich maktablarda ta’lim suahili tilida, biroq oʻrta va oliy maktablar toʻliq ingliz tilida olib boriladi. Afsuski, oʻquvchilar va hatto koʻplab oʻqituvchilarning ingliz tili darajasi yetarli boʻlmagani sababli juda koʻp bolalar maktabni bitira olmas edi. Tasavvur qilib ko‘ring, Oʻzbekistonda birdaniga hamma fanlar – biologiya, fizika, tarix ingliz tilida oʻtilishi majburiy qilib qoʻyilsa, bu qanchalik qiyin boʻlardi? Biz oʻsha yerda oʻqituvchilarning metodik ko‘nikmalarini yaxshilash orqali bolalarga taʼlimni davom ettirishga yordam berganmiz”, deydi u.

Ushbu tajriba unga til va taʼlim istalgan jamiyat rivojlanishining eng asosiy tayanchi ekanini yanada chuqurroq anglatgan.

Toshkentdagi ilk kunlar va Vebsteroilasi

2019-yilning kuzida Toshkentdagi Vebsteruniversiteti oʻz eshiklarini ochgan dastlabki kunlardanoq Mariya Kovach bu yerda faoliyat yurita boshlaydi.

“Dastlab bu yerga kelganimda mahalliy sharoit va urf-odatlardan bexabar edim. Talabalarim menga oʻzbekona qadriyatlar va turmush tarzini mamnuniyat bilan oʻrgatishgan. Bu ham men uchun, ham ular uchun juda qiziq tajriba va oʻzaro oʻrganish bosqichi boʻlgan. Oxirgi yillarda Oʻzbekiston hayratlanarli darajada oʻzgardi. 2016–2017-yillarda ingliz tilida soʻzlashadiganlar juda kam uchragan boʻlsa, bugun vaziyat tamoman boshqacha. Yoshlarning ingliz tilini yaxshi o‘rganayotgani ularga dunyo ilm-fani va manbalaridan foydalanish imkonini beryapti”, deydi suhbatdoshimiz.

image_2026-09-29_16-01-19

SI davrida yozuv va oʻqitish

Suhbatimiz davomida bugungi kunda eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan biri – sunʼiy intellekt (SI) va uning til hamda yozuv mahoratiga taʼsiri haqida ham soʻradik. Akademik yozuv va biznes uchun yozish fanlaridan dars bergan professorning fikricha, SI tayyor qoliplarni yaxshi tushunadi, lekin insoniy samimiyat va oʻzgachalikni berolmaydi.

“Sunʼiy intellekt mavjud namunalar (pattern) va qoidalar asosida juda tez va sifatli yozishi mumkin. Agar sizga faqat standart struktura yoki tezkor maʼlumot kerak boʻlsa, u yaxshi yordamchi. Lekin haqiqiy oʻqituvchi va muallif yozuvida o‘ziga xoslik, betakror “dastxat” va uslub bo‘ladi. Talabalarga tavsiyam: SIdan shunchaki tayyor mahsulot olish vositasi sifatida foydalanmang. U sizni chalgʻitmasligi, aksincha oʻz sohangizda yanada chuqurroq izlanishga undaydigan vosita boʻlishi kerak. Mushaklarni oʻstirish uchun ogʻirlikni oʻzingiz koʻtarishingiz kerak boʻlganidek, fikrlash va yozish koʻnikmasini ham oʻzingiz charxlashingiz zarur”, deydi u.

Maxsus maqsadlar uchun ingliz tili (ESP)

Mariya Kovachning taʼkidlashicha, bugungi kunda maxsus maqsadlar uchun ingliz tilini o‘rganuvchilarga talab ko‘paymoqda. Chunki bozorga aniq sohalarga yoʻnaltirilgan mutaxassislar – tor doiradagi ingliz tili oʻqituvchilari kerak.

“Oʻzbekistonda barcha sohalar xalqaro bozorga chiqmoqda. Masalan, neft-gaz sanoati, huquqshunoslik yoki muhandislik uchun ingliz tili oʻrgatadigan mutaxassislarga talab yuqori. Tor doiradagi atamalarni va oʻsha soha mutaxassislarining oʻzaro muloqot madaniyatini tushunadigan oʻqituvchilar har doim qadrli va yuqori daromadli boʻlib qoladi”, dedi u.

Oʻqituvchilar va til oʻrganuvchilar uchun tavsiyalar

Uzoq yillik pedagogik tajribasidan kelib chiqib, professor Mariya Kovach bugungi yoshlarga hamda pedagoglarga oʻzining muhim tavsiyalari bilan boʻlishdi.

Uning aytishicha, oʻqituvchilar har doim oʻziga “Men bu dars orqali talabamga qanday insoniy xabar va qadriyatni yetkazmoqchiman?” degan savolni berishi kerak. Grammatika yoki darslikdagi maʼlumotlarni bugun internetdan ham topish mumkin. Oʻqituvchining eng buyuk vazifasi – talaba bilan samimiy rishta o‘rnatish, o‘zi va o‘quvchisi oldida samimiy bo‘lish va uni ilhomlantirishdir.

Til oʻrganuvchilar uchun esa yoshning hech qanday ahamiyati yoʻq, eng muhimi – aniq maqsad va uzluksiz motivatsiyadir. Maqsad aniq boʻlsa, har qanday yoshda ham tilni mukammal egallash mumkin.

HamidKhusanov-photography--5 (35)

“Toshkent menga oʻz uyimni eslatadi”

Suhbatimiz yakunida Mariya Kovach Oʻzbekistondagi hayoti va bu yerdagi oʻzgarishlar haqida samimiy fikrlarini bildirdi.

“Toshkent – men xorijda yashagan shaharlar orasida oʻz uyimga eng yaqini. Albatta, geografik ma’noda emas. Ham sotsialistik o‘tmish, ham usmoniylarning ta’siri orqali bizga kirib kelgan turkiy so‘zlar hamda ayrim an’analar qandaydir O‘zbekistonni o‘z vatanimga yaqin qiladi. Ayniqsa, shaharning yashilligi, keng xiyobonlari va eng muhimi – insonlardagi shijoat hamda gʻayrat meni quvontiradi. Oʻzbekistonda hamma intilmoqda, nimagadir erishishga harakat qilmoqda. Talabalarim va bitiruvchilarimizning mamlakatdagi yirik loyihalar hamda taʼlim tizimida yetakchi boʻlib ishlayotganini koʻrish menga zavq beradi, bu menga faxr tuyg‘usini beradi”, dedi Mariya Kovach.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *