AQSH prezidenti Donald Trump 29-sentyabr kuni sun’iy intellekt texnologiyasining nomini “superintellekt” (super intelligence) deb o‘zgartirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu texnologiyani rivojini cheklash haqidagi chaqiriqlar fonida amalga oshirildi. Bu haqda Politico xabar berdi.
Trump sun’iy intellekt kompaniyalari ustidan nazorat yetarli emasligi haqidagi ogohlantirishlarni asossiz va safsata deb atab kelmoqda. Tegishli farmonda aytilishicha, superintellekt atamasi jadal rivojlanib borayotgan texnologiyaning imkoniyatlarini yaxshiroq ochib beradi. Chunki u inson tafakkurining ayrim jihatlariga shunchaki taqlid qilish yoki avtomatlashtirishdan ko‘ra ko‘proq ishni bajaradi.
Sun’iy intellekt sohasida superintellekt atamasi allaqachon bor va u insonning kognitiv qobiliyatidan oshib ketadigan texnologiyaning maxsus turini bildiradi. Biroq hali bunday superintellektli tizim yaratilganicha yo‘q.
Imzolangan farmonga ko‘ra, AQSHdagi barcha federal idoralar ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, hisobotlar va siyosiy hujjatlarda bu texnologiya tilga olinganda yangi atamani yoki “SI” qisqartmasini ishlatishi shart.
Rebrending qilish jarayoni Tramp BMT Bosh Assambleyasida ushbu yangi atamani qo‘llay boshlaganidan bir hafta o‘tib amalga oshirildi. U soha ustidan qattiqroq tartibga solish chaqiriqlariga qarshi chiqdi. Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini tortib olishi va insoniyat kelajagi xavf ostida ekani haqidagi xavotirlar ortib borayotganiga qaramay, Trump texnologiya rahbarlari SI modellari ustudan nazorat o‘rnata olishini da’vo qilmoqda.