Milliarder Ilon Mask AQSH prezidenti Donald Tramp hukumatiga rasmiy maslahatchi sifatida qaytmoqda. U Pentagon kelajakdagi urushlarni o‘rganish deb atayotgan loyihaga hamrahbarlik qiladi.
Mask 2025-yil may oyida Tramp bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikdan so‘ng Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbarligidan ketgandi. Kvantiko harbiy bazasida nutq so‘zlagan Pentagon (Urush vazirligi) rahbari Pit Hegset “Meridian” loyihasi Amerika ilm-fani va texnologiyasining eng yaxshi vakillari tomonidan kelajakdagi urushlarni o‘rganishga qaratilgan sa’y-harakat bo‘lishini aytdi.FOZIL
“Meridian” loyihasiga Ilon Mask bilan birgalikda yana ikki kishi hamrahbarlik qiladi. Ular:
Palmer Laki — mudofaa texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi Anduril Industries kompaniyasining 34 yoshli asoschisi.
Nyut Gingrich — Vakillar palatasining 83 yoshli respublikachi sobiq spikeri.
Ilon Mask Trumpni qo‘llab-quvvatlagan va uning ikkinchi prezidenti sifatida Oq uyga qaytishiga yordam bergan edi. Biroq keyinchalik prezidentning xarajatlarga oid qonunchiligi yuzasidan ular o‘rtasida jiddiy mojaro kelib chiqqan.
Pit Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning asosiy maqsadi kelajakka ijodiy yondashish, AQSH egallashi shart bo‘lgan sohalar hamda o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan imkoniyatlarni aniqlashdir. Loyiha a’zolari qatoriga xususiy sektordan maxsus tanlab olingan rahbarlar, shuningdek, innovatsiya, fan va siyosat sohalarining mutaxassislari kiradi. Hegset «Meridian» loyihasi natijalari 120 kun ichida tayyorlanib, unga taqdim etilishi kerakligini aytdi.
Avgust oyida Ilon Mask va Donald Tramp 2025-yilgi keskin mojarodan keyin yana aloqalarni tiklagani haqida xabar berilgandi. Milliarder endi 2026-yilgi oraliq saylovlarda respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 100 mln dollar sarflashni rejalashtirmoqda.