• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

O‘zbekistonda onkologiya sohasida Milliy referens patomorfologiya markazi tashkil etilishi mumkin



Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir ishtirokida markaz Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda 2026-yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, markaz Fransiyaning Gustave Roussy instituti bilan hamkorlikda Gustave Roussy International Uzbekistan brendi va xalqaro boshqaruv asosida faoliyat yuritmoqda. Hamkorlik doirasida zamonaviy boshqaruv standartlari va sifat nazorati tizimi joriy qilinmoqda.

Shuningdek, 2030-yilga qadar 100 nafar yosh onkolog-jarrohning Fransiya klinikalarida malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi yo‘llanmasi asosida yuborilgan bemorlarning davolanish xarajatlarini qoplash, sohani raqamlashtirish, xotin-qizlarda onkologik kasalliklarni nazorat qilishni takomillashtirish hamda radiologiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

1 ta surat — kattalashtirish uchun bosing

Bundan tashqari, Gustave Roussy instituti talablari asosida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona tartibini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Markaz laboratoriyasini markazlashgan referens laboratoriyaga aylantirish va shifoxona negizida Milliy referens patomorfologiya markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Milliy onkologik dori vositalaridan foydalanish va nazorat qilish komissiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar ham o‘rganildi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda Tibbiyot akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazini yaxlit tizimga birlashtirib, Universitet tibbiy klasteri tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *