Xitoyning Szyansu provinsiyasidagi bolalar bogʻchasida jiddiy sanitariya qoidabuzarliklari aniqlangach, mudira, uning oʻrinbosari va oshxonaning barcha xodimlari ishdan boʻshatildi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Voqea Nankin axborot fanlari va texnologiyalari universiteti qoshidagi bogʻchada yuz bergan. 30-iyun kuni bir necha bolada tushlik vaqtida va undan keyin koʻngil aynishi hamda qusish kuzatilgan. Ota-onalar bogʻchadagi gigiyena holati haqida izoh soʻragan, biroq uzoq vaqt rasmiy javob olmagan.
Keyinchalik bogʻcha xodimasi Van ijtimoiy tarmoqlarda oshxonadagi holatni oshkor qildi. Uning aytishicha, ovqat tayyorlanadigan qozonlarda pol artish vositalari va drenaj qopqoqlari yuvilgan, oziq-ovqat uchun ishlatiladigan rakovinalarda esa chivindan himoyalovchi toʻrlar dezinfeksiya qilingan.
Van bu muammolar haqida rahbariyatga bir necha bor aytganini, ammo choralar koʻrilmaganini bildirgan. Avvaliga bogʻcha va mahalliy maʼmuriyat uning daʼvolarini inkor qilib, uni mish-mish tarqatishda ayblagan. Biroq videokuzatuv yozuvlari xodimaning gaplarini tasdiqlagan.
22-sentyabr kuni tuzilgan maxsus tergov guruhi bogʻcha oshxonasida “jiddiy muammolar” boʻlganini aniqladi. Tekshiruvdan soʻng bogʻcha mudirasi, logistika uchun masʼul oʻrinbosari va oshxonaning barcha xodimlari ishdan olindi.
Shuningdek, nazorat vazifalarini lozim darajada bajarmagani uchun turli mahalliy idoralarning 11 nafar mansabdoriga ogohlantirish va hayfsan berildi.