AQSH Federal savdo komissiyasi (FTC) OpenAI, Anthropic va boshqa yirik sunʼiy intellekt kompaniyalariga qarshi tekshiruv boshladi. Komissiya ularning faoliyatida isteʼmolchilar huquqlari buzilgan boʻlishi mumkinligini oʻrganmoqda.
FTC rahbari Endryu Fergyuson kompaniyalardan ichki hujjatlarni talab qilish va ularning rahbarlarini soʻroqqa tutish boʻyicha rasmiy talablar tayyorlamoqda. Manbalarga koʻra, ular yaqin haftalarda yuboriladi. SI xavfsizligini mustaqil baholovchi METR tashkiloti ham tekshiruv ostiga olingan.
Tergovga sabab boʻlgan holatlardan biri Hugging Face platformasi bilan bogʻliq. Xabarlarga koʻra, OpenAIʼning qariyb 700 ta avtonom agenti ushbu platformaga hujum qilgan. Mustaqil tekshiruv davomida aniqlanishicha, ishlab chiquvchilar bir muddat agentlar ustidan nazoratni yoʻqotgan.
Soʻnggi paytlarda OAV SI agentlarning nazoratdan chiqib ketishi bilan bogʻliq holatlar koʻpaygani haqida xabar bermoqda.
Tergov haqidagi xabarlar chiqishidan oldin Anthropic, OpenAI, Google va xAI rahbarlari Oq uyda oʻz SI modellarini mustaqil mutaxassislar tekshiruvidan oʻtkazishga rozi boʻlgandi. Ammo bu kelishuv ixtiyoriy boʻlib, kompaniyalar uni bajarishga qonunan majbur emas.
Fergyuson yirik kompaniyalar oʻz imkoniyatlariga mos qoidalarni butun bozor uchun standartga aylantirmasligi kerakligini aytdi. Aks holda kichik kompaniyalar bunday talablarga moslasha olmay, bozordan chiqib ketishi mumkin.
Avvalroq FTC SI kompaniyalari oʻz agentlarining xatti-harakatlari uchun javobgar boʻlishi mumkinligini bildirgandi. Hozirgi tergov esa regulyator bu masalaga jiddiyroq yondashayotganini koʻrsatmoqda.