Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 2 591 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi hamda 200 gramm gashish aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Andijon viloyatining Izboskan tumanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan Lacetti avtomobili to‘xtatilib, tekshirilgan. Avtomobil salonidan 1,4 ming dona “Regapen” kuchli ta‘sir qiluvchi dori vositasi topilgan.
Mashinani Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan 1986-yilda tug‘ilgan shaxs boshqargan.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1976-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning sumkasidan 1 092 dona “Regapen” hamda 200 gramm gashish ashyoviy dalil sifatida olingan.
Yana bir holatda Marg‘ilon—Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan “VAZ-21017” avtomobili Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilgan.
Qo‘qon shahrida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi avtomobil salonidan 99 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlangan.
Hozirda har uchala holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada tarkibida sibutramin bo‘lgan 4,8 mingdan ortiq “ozdiruvchi qahva” aniqlanib, savdosiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.