• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Yaponiya chet elliklar uchun doimiy yashash ruxsatnomasi to‘lovini 20 baravar oshirdi



Yaponiyada doimiy yashash huquqini olish narxi 20 baravar oshib, 200 ming iyenaga — qariyb 1 270 dollarga yetdi (avval 10 ming iyena edi). Shu bilan birga, chet elliklar uchun doimiy yashash huquqini olish talablari ham kuchaytirildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, arizachining daromadi, kelajakdagi pensiyasi va yapon tilini bilish darajasi ham hisobga olinadi. Asosiy o‘zgarishlar 2027-yil aprelidan kuchga kiradi.

Endi arizachining daromadi uning oila aʼzolari soni bilan bir xil boʻlgan yapon oilasining oʻrtacha daromadidan yuqori boʻlishi kerak (masalan, 4 kishilik oila 4 kishilik yapon oilalari bilan solishtiriladi). Shu orqali hukumat arizachi uzoq muddat davlat yordamisiz mustaqil yashay olishiga ishonch hosil qilmoqchi.

Shuningdek, arizachining kelajakda oladigan pensiyasi miqdori ham baholanadi. Agar u yetarli boʻlmasa, boshqa moliyaviy aktivlar hisobga olinishi mumkin.

Yana bir yangi talab — yapon tilini kamida B1 darajasida bilish. Bu taxminan JLPT imtihonidagi N3 darajasiga mos keladi.

Mamlakat qonun va tizimlarini yetarlicha tushunmaslik, shuningdek, maktab yoshidagi farzandlarni majburiy taʼlim davrida maktabga yubormaslik ham arizaga salbiy taʼsir qilishi mumkin.

Yaponiya fuqarolari va doimiy rezidentlarning turmush oʻrtoqlari uchun ham talablar kuchaytiriladi. Hozir ular doimiy yashash huquqini olish uchun kamida uch yil nikohda boʻlishi va Yaponiyada bir yil yashashi kerak. Yangi qoidalarga koʻra, bu talab mos ravishda besh va uch yilga oshiriladi.

Bundan tashqari, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni ataylab toʻlamaslik, immigratsiya qonunlarini buzish yoki boshqa qonunbuzarliklar doimiy rezident maqomini bekor qilishga sabab boʻlishi mumkin.

Shu tariqa Yaponiya hukumati immigratsiya nazoratini ham kuchaytirmoqda. Ammo Adliya vaziri Takashi Yamashita qoidalarga amal qilayotgan xorijliklar uchun Yaponiyada yashash qiyinlashib ketmasligi kerakligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda yashayotgan xorijliklarning katta qismi qonunlarga rioya qiladi va jamiyatga hissa qoʻshadi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *