Suriya hukumati vakillari va Livanning “Hizbulloh” harakati o‘rtadagi ziddiyatlarni yumshatish uchun sentyabr oyida Turkiyada yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Reuters agentligiga bu uchrashuvdan xabardor oltita manba ma’lum qildi.
Suriya rasmiylari va Eronni qo‘llab-quvvatlovchi guruh sentyabr oyida kamida bir marta yashirin tarzda uchrashgan. Bu haqda ma’lumot bergan manbalar orasida ikki nafar Suriya rasmiysi, bir nafar AQSH rasmiysi va “Hizbulloh”ga yaqin bo‘lgan yuqori martabali livanlik xavfsizlik xodimi bor.
Fuqarolar urushi davrida “Hizbulloh” sobiq prezident Bashar Asad hukumatini himoya qilish uchun Suriyaga o‘z jangchilarini yuborgan edi. 2024-yil oxirida isyonchilarning shiddatli hujumi natijasida Asad hokimiyatdan ag‘darilgach, tomonlar o‘rtasida keskinlik kuchaydi. Damashq guruhni Suriya hududi orqali qurol o‘tkazishda aybladi. AQSH esa Suriya harbiylarini Livanga kirib, “Hizbulloh”ga qarshi kurashishga undadi.
Sentyabr oyidagi uchrashuvda “Hizbulloh” vakillari, shuningdek, Suriya razvedkasi va tashqi ishlar vazirligi xodimlari qatnashdi. Uchrashuv vaziyatni yumshatish maqsadida Turkiya xavfsizlik va razvedka idoralarining taklifiga binoan tashkil etildi.
Xavfsizlik masalalari va tomonlar talablari
Manbalarga ko‘ra, uchrashuv ikki tomon o‘rtasidagi ziddiyatli nuqtalarni hal qilishga qaratilgan bo‘lib, yaxshi o‘tgan. Suriya rasmiylaridan biri ikkala tomon bir-biriga nisbatan dushmanlik kayfiyatida emasligini kelishib olganini aytdi. Shuningdek, Suriya “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish uchun Livanga qo‘shin kiritmaslikka kafolat berdi.
O‘z navbatida, Suriya rasmiylari “Hizbulloh”dan chegaradagi kontrabandaga chek qo‘yishni va mamlakat janubidagi qolgan yashirin guruhlarini tarqatib yuborishni so‘radi.
29-sentyabr kuni Suriya mamlakat janubida raketa uchirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Hizbulloh” guruhi qo‘lga olinganini e’lon qilgandi. Ertasi kuni esa “Hizbulloh” bu ishga aloqadorligini rad etib, Suriya hududida mavjud emasligi va u yerda hech qanday xavfsizlik yoki harbiy faoliyat bilan shug‘ullanmasligini bildirdi.
Suriya rasmiysining aytishicha, “Hizbulloh” vakillari qurol kontrabandasini to‘xtatish va Suriyadagi yashirin guruhlarni tarqatib yuborish bo‘yicha so‘rovga aniq javob bermagan, biroq Suriya ishlariga aralashmaslik majburiyatini olgan.
Uchrashuv va uning natijalaridan bevosita xabardor bo‘lgan livanlik manbaning aytishicha, ikki tomon xavfsizlik masalalarida “katta yutuqlarga erishgan”. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, “Hizbulloh” Livan hududida Suriya tomonidan bo‘ladigan hujum xavfidan xavotirda bo‘lib, o‘z chegarasini himoya qilishni istaydi.
Eron qatnashmadi
Suriya rasmiysi ham, livanlik manba ham yakuniy kelishuvga erishilmaganini bildirdi. Livanlik manbaning aytishicha, Turkiya orqali ikki tomon o‘rtasidagi aloqalar bundan ikki oy oldin boshlangan edi. Reuters sentyabr oyidagi uchrashuv Turkiyaning qaysi shahrida o‘tgani, qancha davom etgani va undan oldin yoki keyin boshqa uchrashuvlar bo‘lganini aniqlay olmadi.
Qo‘shimcha qilnishicha, yig‘ilishda “Hizbulloh”ning asosiy homiysi bo‘lgan Eron qatnashmagan. “Hizbulloh”ning bu uchrashuvga kelishidan Eronning xabari borligi ta’kidlandi.
Biroq Tehron bevosita ishtirokchi bo‘lmaganidan va Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a hozircha Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga qarshi chiqqanidan norozi bo‘lgan. Manbaning ta’kidlashicha, aynan shu norozilik yakuniy kelishuvga erishilmagani va uchrashuv haqida e’lon qilinmaganining asosiy sababi bo‘lgan.