Koʻplab akademik tadqiqotchilar yiliga bir nechta ilmiy maqolagin chop etadi. Juda faol professorlar ham odatda yiliga o‘nlab tadqiqotlar e’lon qiladi. Ammo Chikago universiteti statistigi Nikolas Polsonning holati bundan ancha farqlanadi.
U 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 200 dan ortiq maqolaga va 14 ta kitobga mualliflik yoki hammualliflik qilgan. Bu esa Nikolas Polson oʻz ishlarida sunʻiy intellektdan foydalangani haqidagi taxminlarni keltirib chiqargan.
Bu holat akademik doiralarda kuchayib borayotgan muammoni ham ko‘rsatmoqda. Ya’ni ayrim tadqiqotchilar SIga haddan tashqari tayanib, juda ko‘p maqolalar yaratishi va ularni tekshirishi kerak bo‘lgan ilmiy jurnallarni esa band qilib qo‘yishi mumkin.
“Tizimga u hozircha bardosh bera olmaydigan darajada sifatiz tadqiqotlar oqimi yopirilishi kutilmoqda”, deydi taqrizdan o‘tgan tadqiqotlarni chop etuvchi Organization Science jurnalining katta muharriri Klodin Gartenberg.
Sun’iy intellekt davridan avval ham tadqiqotchilar ishonchsiz yoki soxta ilmiy ishlar chop etilsa, ham jamoatchilikni, ham siyosatchilarni chalg‘itib, jiddiy muammolarga olib kelishidan ogohlantirgan.
Masalan, 1998-yilda The Lancet jurnalida chop etilgan bir maqolada MMR (qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi) vaksina hamda autizm o‘rtasida bog‘liqlik borligi ilgari surilgan. Keyinchalik ushbu maqoladagi maʻlumotning ishonchliligi rad etilgan. Ammo u vaksinalar xavfsizligiga nisbatan xavotirlarni kuchaytirib, emlanish ko‘rsatkichlarining keskin tushishiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik o‘tkazilgan tadqiqotlar esa vaksinaning autizm bilan bog‘liqlik yo‘qligi aniqlangan.
Yana bir holatda saraton tadqiqotlari (keyinchalik ishonchsiz deb topilgan) sababli Dyuk universiteti olimlari 20 yil avval klinik sinovlarda qatnashgan bemorlarga davolash usulini tanlashda shubhali genetik testlardan foydalangan.
Polson o‘z maqolalarini SSRN onlayn platformasiga joylashtirgan. U qisqa vaqtda juda ko‘p ish e’lon qilgani sababli SSRN uning 257 ta ishini platformadan olib tashlagan. Tanqidchilar Polsonni firibgarlikda ayblamagan. Biroq ular olim SIdan foydalanganini oshkor qilgan-qilmaganiga va qisqa vaqt ichida juda koʻp sifatli maqolalar tayyorlash mumkinligiga shubha bildirgan.
Polson The Post gazetasiga yozgan elektron xatida ilmiy ishlarini tayyorlashda sun’iy intellektdan foydalanganini tan oldi. Biroq u chop etgan maqolalarida bundan foydalanganini ko‘rsatgan-ko‘rsatmagani haqida ma’lumot bermadi.
Uning aksariyat maqolalari ilg‘or statistika va matematikaga qaratilgan. Ayrimlari esa kengroq qiziqish uyg‘otadigan mavzularni qamrab oladi. Jumladan, Ijtimoiy ta’minot va boshqa nafaqa dasturlarini qisqartirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy bosimlar, shaxmat kabi o‘yinlarda nega ayrim o‘yinchilarning ustun ekani hamda TikTok tomoshabinlarni jalb qiladigan videolarni qanday tavsiya qilishi o‘rganilgan. Markaziy Arkanzas universiteti iqtisodchisi Jeremi Xorpedaxl Polsonning mahsuldorligidan hayratda qoldi.
“To‘qqiz oy ichida ikki yuzdan ortiq qog‘oz – bu ham eshitilmagan, ham aql bovar qilmaydigan holat”, dedi u.
Maqolalar yuzasidan bildirilgan savollar shu qadar jiddiy bo‘lganki, SSRN platformasi Polson maqolalarini joylashtirishda foydalanilgan akkauntlarni bloklagan. Polson esa bildirilgan e’tirozlar hasad sababli yuzaga kelgan deb taxmin qildi.
“Shunisi aniqki, sun’iy intellekt samarali tadqiqotchini ancha samarali qiladi”, degan u The Post gazetasiga yozgan elektron xatida.
Boshqa ko‘plab tadqiqotchilar SI olimlarga avvalgi tadqiqotlarni izlash kabi kundalik vazifalarni tezlashtirishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Biroq ayrim mutaxassislar bu texnologiya tadqiqotni plagiat, takroriy maqolalar, soxta iqtiboslar, ma’lumotlar va tahlillardagi jiddiy xatolar bilan toʻldirishidan ogohlantirmoqda.
Birgina 2026-yilda 3 200 ta taqrizdan o‘tgan ilmiy maqola tahlil qilinganda ularning 2 foizida kamida bitta tekshirib bo‘lmaydigan manbaga havola borligi aniqlangan. SIga aloqador konferensiyalarda qabul qilingan maqolalarni o‘rganish natijasida esa 300 dan ortiq maqolada kamida bitta mavjud bo‘lmagan iqtibos keltirilgan.
SI olimlarga ko‘proq tadqiqot o‘tkazish imkonini berar ekan, ayrim mutaxassislar bu materiallarni saralash va muammolarni aniqlashga mas’ul muharrirlar hamda taqrizchilarga ortiqcha yuk bo‘lishidan xavotirda.
“Organization Science” jurnali katta muharriri Gartenbergning hisob-kitoblariga ko‘ra, ChatGPT ilk bor 2022-yilda ishga tushirilganidan beri uning jurnaliga yuborilayotgan maqolalar soni ikki baravar oshgan. Boshqa nashrlarda ham shunday o‘sish kuzatilgan. Yirik akademik nashriyot Elsevier esa o‘z jurnallariga yuborilgan maqolalar soni 2021–2025-yillarda taxminan 68 foizga oshganini ma’lum qilgan.
“Muharrirlar yuklama oshganidan qiynalmoqda”, dedi Pensilvaniya universitetining Uorton maktabida ham menejment professori bo‘lgan Gartenberg.
U ayrim taqrizchilar ilmiy ishlarni ko‘rib chiqishda SIdan foydalanayotgani, bu esa sifatga taʻsir qilishini va ilmiy kashfiyotlarning ahamiyatini kamaytirishi mumkinligini aytdi.
“Menimcha, taqrizchilari tekshiruviga bo‘lgan ishonch pasayadi. Agar hamma har qanday maqola MMR vaksinasiga oid maqola (keyinchalik ishonchsiz deb topilgan) kabi bo‘lishi mumkin deb hisoblasa, u holda jarayonning o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi”, dedi u.
Gartenberg muharrirlar aniqlashi qiyin bo‘lgan ma’lumotlar yoki tahlillardagi xatolar tekshiruvdan o‘tib ketishidan xavotirda. Polsonning maqolalari esa soni ko‘pligi bilan ajralib turardi.
“Bir yil ichida 200 ta maqola chiqarish, shubhasiz, g‘ayrioddiy holat. Gap faqat hajmda emas, balki mavzularning xilma-xilligi va ularning avvalgi ishlaridan qanday farq qilishida”, dedi maqolalar oqimini birinchilardan payqagan UCLA menejment professori Auyon Siddiq.
Tadqiqotchilar uchun maqolalarni, jumladan, hali taqrizdan o‘tkazilmagan va ilmiy jurnallarda nashr etilmagan ishlarni almashish platformasi bo‘lgan SSRN odatda tadqiqotchilardan SIdan foydalanishlarini ko‘rsatishni talab qiladi. Biroq bir nechta olimlar Polsonning maqolalarida bunday ma’lumotlarni ko‘rmaganliklarini aytgan.
“Bu maqolalarning ko‘pchiligida sun’iy intellektdan foydalanish oshkor qilinmagani rost bo‘lsa-da, asosiy tashvish bunda emas. Eng katta muammo maqolalarni joylashdagi yuqori faolllik”, dedi platforma vakili.
Kolumbiya universiteti statistigi Endryu Gelman Polsonning barcha maqolalarini o‘qimaganini aytdi. Biroq Polson hammualliflik qilgan, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni yagona nazariya asosida tushuntirishga uringan 80 sahifalik maqolada qimmatli maʻlumot ko‘rmagan.
“Maqola unchalik ahamiyatli emasdi, garchi chatbot uning qismlarini qanday yozganini tasavvur qilish mumkin”, dedi u.
Gelman taniqli biznes maktabida ishlaydigan tajribali professorni SI yordamida shuncha ko‘p maqola yozishga nima undaganini tushunmayotganini aytdi.
“Odamlar ilmiy sohadagi firibgarlik va shunga o‘xshash narsalar haqida gapiradi, ammo uning bundan oladigan foydasi yo‘q. U doimiy professor lavozimiga ega”, dedi Gelman.
Chikago universitetining Booth biznes maktabi professori Polson esa maqolalarni o‘zi qiziqqan mavzular ustida tinimsiz ishlab yozganini ta’kidlamoqda. U SI faqat ishni tezroq bajarishiga koʻmaklashganini aytgan.
U e’tirozlar “hasad va mening ishlash uslubimni o‘zlashtirish istagi” sababli bildirilgan deb taxmin qilishini aytdi. Polson tanqidchilarning ko‘pchiligi uning ishlarini to‘liq o‘qib chiqmaganga o‘xshashini aytdi. Biroq ko‘plab maqolalarda SI’dan foydalanilgani ko‘rsatilmagani haqidagi savollarga javob bermadi.
Ilmiy maqolalar chop etishdan tashqari, Polson kuzda Chikago universitetida ikkita biznes fanidan dars berishi ham rejalashtirilgan. Amazon’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, uning nomi joriy yilda hozirgacha chop etilgan 14 ta kitob nomida ko‘rsatilgan. Yana ikkita kitob yaqin oylarda nashr etilishi kutilmoqda.
Polson barcha kitoblar uniki ekanini tasdiqlash so‘ralgan xabarlarga javob bermadi. Ikkitasidan tashqari barcha kitoblarda uning universiteti tilga olingan yoki u hammualliflardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Bu bahs Chikago universiteti kurs materiallari bilan ishlashda, oʻzaro muloqotda va sun’iy intellektga tayanmaslik uchun talabalarga ayrim darslarda elektron qurilmalardan foydalanishni cheklashga urinayotgan bir paytda yuzaga kelmoqda.
Gartenbergning aytishicha, u ham kundalik vazifalarni bajarish va ma’lumotlarni dastlabki tahlil qilishda SIdan foydalanadi. Biroq boshqa tadqiqotchilar tomonidan sifatsiz maqolalar tayyorlanishiga SI sabab bo‘layotganidan xavotirda. Shunga qaramay, u yangi SI vositalari kelajakda maqolalar chop etilishidan oldin ma’lumotlar yoki tahlillardagi xatolarni aniqlashga yordam berishiga umid qilmoqda.
“Menimcha, eng muhimi, dunyo o‘zgarganini anglashimiz kerak”, dedi u.