Qirg‘iziston 1-oktyabr kuni o‘zining birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshini koinotga uchirdi. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov AQSHdagi uchirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchirish SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi yordamida Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo bazasidan amalga oshirilgan. Sun’iy yo‘ldosh bitta raketa-tashuvchisi yordamida boshqa kosmik apparatlar guruhi tarkibida orbitaga chiqarilgan.
Ta’kidlanishicha, uning uchirilishi Qirg‘iziston va BAAning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasi hisoblanadi. Sun’iy yo‘ldosh Bishkek shahrida joylashgan boshqaruv markazidan nazorat qilinadi.
Afzalliklari:
Qirg‘iziston kosmik ma’lumotlardan turli sohalarda foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi yerlari, muzliklar, suv obyektlari, o‘rmonlar va yaylovlarni monitoring qilish, shuningdek, tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi.
Sun’iy yo‘ldosh yordamida yerosti boyliklaridan noqonuniy foydalanish, ruxsatsiz chiqindi tashlash joylari va boshqa ifloslanish manbalarini aniqlash, logistika yo‘nalishlarini optimallashtirish, tabiiy xavflarni monitoring qilishda foydalaniladi.
Bu qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, ko‘chkilar, sel va o‘rmon yong‘inlari belgilarini tezroq aniqlash imkonini beradi. Natijada xavflarga o‘z vaqtida chora ko‘rish va ehtimoliy zararni kamaytirish mumkin boʻladi. Keyinchalik sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari davlatning raqamli tizimlariga integratsiya qilinadi. Ular fazoviy xaritalar va tahliliy modellarni yaratishda foydalaniladi.
Ma’lumot oʻrnida, Oʻzbekiston oʻzining ilk sunʻiy yoʻldoshini 2028-yilda uchirishni rejalashtirmoqda. 6U formatdagi yo‘ldoshning nomi “Mirzo Ulug‘bek” bo‘ladi.