18-sentyabr kuni giyohvandlikka qarshi “Tong” operatsiyasi doirasida bir qator mashhur shaxslar, jumladan, taniqli turk aktyorlari: Afra Sarachog‘lu, Aras Bulut Iynemli, Melis Sezen, Melisa Shenolsun, Hazal Filiz Kuchukkyose va Nilperi Shahinkaya qo‘lga olingani xabar qilingandi. Qariyb ikki hafta o‘tgach, ularning tahlil natijalari e’lon qilindi.
Ensonhaber nashri ma’lumotlariga ko‘ra, turk aktyori Aras Bulut Iynemlining qoni, sochi va siydigida taqiqlangan yoki rag‘batlantiruvchi moddalarning hech qanday izi topilmagan. Avvalroq jurnalistlar “Chuqur” seriali yulduzining uyida tintuv o‘tkazilganda ham huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hech qanday giyohvand moddalar izi topilmaganini xabar qilishgan edi.
“Iynemlining qon, peshob va soch namunalarida giyohvand moddalar yoki stimulyatorlarning hech qanday izi aniqlanmagani hujjatlashtirildi va test natijasi rasman manfiy deb topildi”, deyiladi Sud-tibbiy ekspertiza byurosi hisobotida.
Ammo Afra Sarachog‘lining tahlil natijalari musbat chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, turk aktrisasi prokurorga ko‘rsatma berayotganda hech qachon giyohvandlik yoki rag‘batlantiruvchi moddalarni iste’mol qilmaganini ta’kidlagan. Biroq uning doping-testlari buning aksini ko‘rsatmoqda.
Burak Do‘g‘anning ta’kidlashicha, Afra Sarachog‘luning soch namunasida kokain izlari topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, psixoaktiv moddalar iste’moli bo‘yicha retrospektiv profil ijobiy natija bergan.

Foto: Filmdan kadr
Aktrisaning agentligi doping-testlar yuzasidan hech qanday izoh bermadi, ammo Afra Sarachog‘luning o‘zi bayonot bilan chiqdi.
“Ushbu bayonotni e’lon qilishni shu paytgacha kutganimning sababi shundaki, sud-tibbiy xulosasi ish materiallariga bugun yuklandi. Tergov haqida xabar topishim bilan chet eldagi safarimni to‘xtatib, o‘z xohishim bilan mamlakatga qaytdim va jarayonning boshidanoq huquq-tartibot idoralari bilan to‘liq hamkorlik qildim… Shu bilan birga, men uchun mutlaqo kutilmagan holda, hisobotda sochimning bir tutami tahlil qilinganda ma’lum bir moddaning izlari topilgani qayd etildi.
Mutaxassislardan bilishimcha, soch tahlili tashqi omillar ta’siriga juda sezgir. Kasbimning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli men gavjum tadbirlarda ishtirok etaman, shuning uchun o‘zim bilmagan holda passiv ta’sir yoki kontaktga duchor bo‘lgan bo‘lishim, buning natijasida sochimda shunday texnik izlar qolgan bo‘lishi mumkin. Qon va siydik tahlillarimning toza chiqqani bunday moddalarni iste’mol qilmasligimni tasdiqlaydi”, deb yozdi aktrisa o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Sarachog‘lu, shuningdek, barcha huquq-tartibot idoralari xodimlariga o‘z ishlarini professional va bajarganliklari uchun minnatdorlik bildirdi. Turdizi yulduzi shunday noxush vaziyat tufayli uning nomi kun tartibiga chiqqanidan xafa ekanligini ta’kidladi. Afra hech qachon giyohvand moddalar iste’mol qilmaganini yana bir bor ta’kidlab, muxlislariga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun rahmat aytdi.
“Ishoning, bunday vaziyat tufayli e’tibor markazida bo‘lishni sira ham istamasdim. Shu bois e’tiboringizni ushbu mavzuga qaratishga majbur bo‘lganim uchun barchangizdan va jamoatchilikdan chin dildan uzr so‘rayman. Men taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishga mutlaqo qarshiman. Hayotimda ularga o‘rin yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi. Men uchun qayg‘uradigan, menga ishonadigan va meni qo‘llab-quvvatlaydigan barchaga cheksiz muhabbatimni yo‘llayman”, deb yozdi u.
Aras Bulut Iynemlidan tashqari Melis Sezen va Nilperi Shahinkayaning ham doping-testlari manfiy chiqdi, ammo Melisa Shenolsun topshirgan namunalarda mutaxassislar og‘ir taqiqlangan moddalar izlarini aniqlashdi.