Dubaydan 30-sentyabr kuni Tel Avivga uchayotgan Flydubai samolyotida uchuvchilardan biri ikkinchisiga pichoq bilan hujum qilgani sababli aviahalokat yuz berishiga sal qoldi. Bortdagi yo‘lovchilar va yaralangan uchuvchining harakatlari tufayli fojianing oldi olindi. Ular hujumchini zararsizlantirib, samolyotni xavfsiz qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. “Meduza” aviahodisaning oldini olishga yordam bergan shaxslar haqida ma’lumot berdi.
Pichoqlangan kapitan yoʻlovchilarni kabinaga kiritdi
Halokatning oldini olishga birinchi navbatda samolyot kapitani yordam berdi. U 39 yoshli Hindiston fuqarosi Smit Machchar hisoblanadi. Ikkinchi uchuvchi unga pichoq bilan hujum qilib, boshi va qo‘llarini jarohatlagan. Biroq Machchar kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng yo‘lovchilar ichkariga kirib, hujumchini zararsizlantirgan.
Foto: Isroil Tashqi ishlar vazirligi / Reuters
Hozirda hindistonlik uchuvchi kasalxonada davolanmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, u aviatsiya sohasida qariyb 15 yildan buyon faoliyat yuritadi va 2022-yilda Flydubai kompaniyasiga qo‘shilgan. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi uchuvchining jasoratini e’tirof etgan:
“U xavf-xatar qarshisida va og‘ir jarohat olganiga qaramay, boshqalarning hayotini himoya qilish uchun ulkan jasorat va qat’iyat ko‘rsatdi”.
Santexnik Yaniv Hayun samolyot parvozini barqarorlashtirdi
Uchuvchilar kabinasi eshigi ochilgach, birinchilardan bo‘lib yo‘lovchi Yaniv Hayun ichkariga kirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralangan kapitan eshik yonida yotgan, ikkinchi uchuvchi esa boshqaruv paneli yonida bo‘lib, unga zarba berayotgan edi. Hayun uni kabinadan chiqarib, boshqa yo‘lovchilarni yordamga chaqirgan. Shundan so‘ng oʻzi uchuvchining o‘rniga o‘tirib, samolyotni keskin pastlashdan chiqarish uchun shturvalni o‘ziga tortgan.

Foto: AP Photo
Kabinadagi pichoqlanish vaqtida samolyot 10 ming metr balandlikdan 4,5 ming metrgacha keskin pastlagan edi. The Guardian va AQSH prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, isroillik Hayunning kasbi — santexnik. Uning o‘zi samolyotni qanday boshqarishni “Aviahalokatlar surishtiruvi“ seriali orqali bilishini aytgan.
Professional uchuvchi bo‘lgan ikki yo‘lovchi samolyotni qo‘ndirdi
Samolyot parvozi barqarorlashtirilgach, boshqaruvni professional uchuvchilar o‘z qo‘liga olgan. Reys yo‘lovchilari orasida Flydubai’ning ikki uchuvchisi ham bo‘lgan. Ular samolyotni Saudiya Arabistoniga xavfsiz qo‘ndirgan.
Samolyotni aynan kim boshqargani hozircha aniq emas. Israel Hayom nashri ulardan biri Rossiya va Ukraina fuqarosi ekanini da’vo qilgan, biroq bu ma’lumot hozircha tasdiqlanmagan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotni qo‘ndirgan uchuvchilardan biri Fiji fuqarosi hisoblanadi. Ularning Flydubai aviakompaniyasida ishlashi esa tasdiqlangan.
Tish shifokori Shota Musayev kapitanga yordam ko‘rsatdi
Bortdagi yagona shifokor isroillik stomatolog Shota Musayev bo‘lgan. U kapitanga birinchi yordam ko‘rsatgan va uning fikricha, bu Machcharning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi mumkin.
“Men kabinaga kirganimda uchuvchining ahvoli juda yomon edi, bosh sohasida kuchli qon ketishi kuzatilgandi”, dedi Musayev.
Yo‘lovchilar Assaf Rajvan va Svika Manes hujumchini zararsizlantirdi
Yo‘lovchilar hujum qilgan uchuvchi kabinaga qaytmasligi uchun 55 daqiqa davomida uni ushlab turgan. Hujumchini zararsizlantirishga yordam bergan yo‘lovchilardan biri Assaf Rajvanning aytishicha, hodisa vaqti o‘zi ham yengil jarohat olgan.

Assaf Rajvan
Yana bir yo‘lovchi Svika Manes esa taxminan 20 daqiqa davomida hujumchiga qarshilik qilgan. Yakunda uni simli quloqchinlar bilan bog‘lab qo‘yishgan. Manes Tel Avivga uchayotgan reysda qizlari ham boʻlganini aytdi. Samolyot keskin pasaygan paytda ular qo‘rqib ketgan va o‘lishni istamasliklarini aytib baqirgan.
“Bunday gaplarni eshitish har qanday ota uchun juda og‘ir”, deydi Svika Manes.
Aviahodisa bo‘yicha nimalar ma’lum emas?
Flydubai reysida hujum qilgan uchuvchining shaxsi oshkor etilmagan. Uning Ummon fuqarosi ekani ma’lum qilingan. Hozirda hujumchi Saudiya Arabistoni rasmiylari tomonidan so‘roq qilinmoqda. Isroil ham gumonlanuvchini so‘roq qilishni rejalashtirgan.
Uchuvchi nega hamkasbiga hujum qilgani ham noma’lum. Isroil rasmiylari u shunchaki samolyotni qulatishni emas, balki uni Tel Avivdagi osmono‘par binolardan biriga yo‘naltirib, AQSHdagi 11-sentyabr teraktlariga o‘xshash hujum uyushtirishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. The Telegraph manbalariga ko‘ra, tergov ushbu versiyani asosiy ehtimollardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, hozirda uchuvchining sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani, shuningdek, voqeaga Eronning aloqasi bor-yo‘qligi tekshirilmoqda. Havo kemasi kapitaniga hujum qanday qurol yordamida amalga oshirilgani noma’lum. Aeroportda parvozdan oldin ekipaj qat’iy tekshiruvdan, jumladan, metall detektorlar yordamida o‘tkaziladi. Netanyaxu hujumchi favqulodda vaziyatlar uchun kokpitda saqlanadigan maxsus boltadan foydalangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
