Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoda “halokatli oqibatlarga” olib keladigan ssenariy qoʻllanilishi mumkinligini aytdi. U bu haqda 1-oktyabr kuni kechqurun “Valday” xalqaro munozara klubining yalpi sessiyasida ma’lum qildi.
Putin ayrim davlatlar arsenalida “barcha tirik mavjudotlarni yo‘q qilishga qodir” qurollar borligini aytdi. “Bunday qurolni qo‘llamaslikka ishonch bormi”, deya oʻziga savol berib, salbiy javob berdi. U yadroviy qurolni teatr sahnasida osilib turgan va janr qonunlariga ko‘ra, oxirida o‘q uzishi shart bo‘lgan miltiqqa qiyosladi.
U “bu miltiq” otilmasligi uchun Rossiya ekstremal choralar koʻrishga majbur bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Rossiya prezidenti voqealar yanada keskinlashsa, maktab darsliklari ham, ulardan ta’lim oladigan odamlar ham qolmaydi deb aytdi. Shu tariqa dunyoda yuz berishi mumkin bo‘lgan yadro falokatiga ishora qildi.
Putin yana G‘arb davlatlarini Ukrainada urush boshlashda aybladi
Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush haqida gapirar ekan, yana bir bor Rossiya go‘yoki “urushni boshlamaganini”, Moskvaning Ukraina hududiga bostirib kirishi esa NATO hamda Ukrainaning harakatlariga javob bo‘lganini ta’kidladi.
Putinning versiyasiga ko‘ra, G‘arb yillar davomida Ukrainani Rossiyaga qarshi “qurol”ga aylantirish uchun “agressiv millatchilik va rusofobiyani” rag‘batlantirib kelgan, Kiyevdagi “radikallar”ni davlat to‘ntarishiga undashgan, Rossiyaning “tarixiy hududlari”da esa NATO go‘yoki o‘z bazalarini joylashtirmoqchi bo‘lgan. U Yevropa va dunyodagi hozirgi vaziyatni juda xavfli deb atab, G‘arb davlatlarini tajovuzkor xatti-harakatlarda yana bir bor aybladi.
Ukrainadagi urush qanday kechayotganini izohlar ekan, Rossiya prezidenti so‘nggi oyda rus qo‘shinlari o‘tgan oyga nisbatan 3,5 barobar ko‘proq hududni egallab olganini aytdi. U Rossiya hozirda Donetsk viloyati hududining 89 foizini nazorat qilayotganini da’vo qildi. Ammo Urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Donbassning 81 foizi Rossiya nazorati ostida qolmoqda.
Ukraina bir necha kun avval “Vivaldi” qarshi hujum operatsiyasining uchta bosqichi davomida 176 kvadrat kilometr hudud qaytarib olinganini e’lon qilgandi. Biroq Putin Rossiya bu hududlarning barchasini egallab olishini, Ukraina esa ularni saqlab qolishga urinishi befoyda ekanini bildirdi.
“Valday”dagi nutqida u sun’iy intellekt texnologiyalari rivojini inobatga olgan harbiy harakatlar boʻyicha yangi konvensiyasini ishlab chiqishga chaqirdi. Misol tariqasida u 1983-yilda protokol bo‘yicha yadroviy zarba berishga majbur bo‘lsa-da, bunday buyruq bermagan sovet zobiti Stanislav Petrov bilan bo‘lgan voqeani keltirdi. Putinning fikricha, sun’iy intellekt boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardi.
Yevropadagi harbiy korxonalarga zarba berish ehtimoli haqida Putin Rossiya majburiy ravishda bunday qilmasligi, lekin tahdidlarni kuzatib borishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva G‘arb davlatlarining Rossiya hududiga zarba berishda ishtirok etishini to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb biladi.