• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Sea Breeze loyihasi ekologik ekspertizaning ikki bosqichidan o‘tdi


Chorvoqda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Sea Breeze loyihasining atrof-muhitga ta’sirni baholashning birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlanib, davlat ekologik ekspertizasining tegishli xulosalari olindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, atrof-muhitga ta’sirni baholashning birinchi bosqichi — asosiy loyiha yechimlari amalga oshirilishidan oldingi dastlabki ekologik baholash hisoblanadi. Ushbu bosqichda obyektning atmosfera havosi, suv va yer resurslari, yashil hududlar, biologik xilma-xillik, chiqindilar hosil bo‘lishi, muhandislik infratuzilmasi hamda atrof-muhitning boshqa tarkibiy qismlariga ehtimoliy ta’siri aniqlanadi. Shu bilan birga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xatarlar, ularni kamaytirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, jamoatchilikning e’tiroz va takliflari ham ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi bosqich esa loyiha yechimlarini yanada chuqur va batafsil baholashni nazarda tutadi. Ushbu bosqichda ta’sirning parametrlari va ko‘lami aniqlashtiriladi, tabiatni muhofaza qilish va kompensatsiya choralari, muhandislik yechimlari, qurilish ishlarini tashkil etish, chiqindilar bilan ishlash, suvdan foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish hamda ekologik jihatdan muhim boshqa masalalarga qo‘yiladigan talablar konkretlashtiriladi.

image

Foto: Sea Breeze Uzbekistan

image

Qurilish ishlari yakunlangach, yakuniy bosqich nazarda tutilgan. U obyektni foydalanishga topshirishdan oldin o‘tkazilib, bunda loyiha bo‘yicha ko‘zda tutilgan niyatlar emas, balki amalda amalga oshirilgan yechimlar baholanadi.

“Ya’ni, nazarda tutilgan tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilganmi, belgilangan ekologik talablar ta’minlanganmi va qurilgan obyekt ilgari kelishilgan ekologik shartlarga muvofiq keladimi — shu jihatlar tekshiriladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

ekspertiza

Davlat ekologik ekspertizasi markazi

Qo‘mitaning bildirishicha, loyiha nafaqat davlat, balki jamoatchilik ekologik nazorati ostida ham amalga oshirilmoqda. Jamoatchilik kengashi a’zolari loyiha hududiga bevosita chiqib, qurilish ishlarining amaldagi borishi bilan tanishadi hamda ekologik talablar va tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilishini tekshiradi.

Bunday tashriflar davomida hududning holati, qurilish ishlarini amalga oshirish shartlariga rioya etilishi, qurilish va boshqa chiqindilar bilan ishlash, yashil hududlarning holati, loyihada nazarda tutilgan ekologik tadbirlarning bajarilishi hamda atrof-muhit uchun muhim bo‘lgan boshqa masalalar baholanadi.

“Bugungi kunga qadar o‘tkazilgan tashriflar natijasiga ko‘ra, belgilangan ekologik talablar buzilganini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanmadi”, deyiladi xabarda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ayni paytda monitoring davom etayotganini, loyihaning keyingi bosqichlarida ekologik majburiyatlarning bajarilishi muntazam kuzatib borilishini ma’lum qildi.

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi

2025-yil 1-avgustda kuni Vazirlar Mahkamasining Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan eng yaxshi taklif sifatida tanlab olingan Ozarbayjonning Agalarov Development MCHJ hamda uning Sea Breeze Uzbekistan MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar maydonda qurish rejalashtirilgan umummavsumiy kurort majmuasi ma’qullandi.

Loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish, shu jumladan, loyihani amalga oshirish davrida va loyiha ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarining Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, oqova suvlarni Chirchiq shahri oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish choralarini ko‘rish Sea Breeze Uzbekistan MCHJning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilandi.
Toshkent viloyati hokimligi loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlari ekologiya, qurilish, kadastr va sanitariya sohalari bo‘yicha viloyat tuzilmalari tomonidan tizimli nazoratga olinishini bildirgandi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *