• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

O‘zbekistonda jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda



Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ma‘qullandi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning ma‘lum qilishicha, uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni so‘nggi yillarda sezilarli oshgan.

Xususan, 2023-yilda 199 ta uyushgan guruh tarkibidagi 958 nafar shaxs ishtirokida 582 ta jinoyat sodir etilgan. 2024-yilda 382 ta guruhdagi 1226 nafar shaxs ishtirokida 2270 ta, 2025-yilda esa 373 ta guruhdagi 1196 nafar shaxs ishtirokida 3003 ta jinoyat qayd etilgan.

2026-yilning sakkiz oyida 292 ta uyushgan guruh tarkibidagi 789 nafar shaxs ishtirokida 2515 ta jinoyat sodir etilgan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Shuningdek, jinoiy uyushma tashkil etishga yoki u tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoxud mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish orqali homiylik qilganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirishda ishtirok etgan shaxs og‘ir oqibatlar yuzaga kelishi va uyushma maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabar berish yoki boshqa usul bilan faol ko‘maklashsa, uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmagan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Bundan tashqari, jinoiy uyushmani moliyalashtirgan yoki unga mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish orqali homiylik qilgan shaxslarga jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Uyushgan guruh tarkibidagi bezorilik uchun 14 yoshdan javobgarlik belgilanadi

Qonun bilan uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga to‘lgan shaxslar uyushgan guruh tarkibida bezorilik sodir etgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, bezorilikni juda ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilish yoki unga shikast yetkazish, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan sodir etish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

Bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish hamda bunday shikast jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan holatlar uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Qutbiddin Burxonov keltirgan ma‘lumotlarga ko‘ra, odam o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini 2024-yilda 119 nafar, 2025-yilda 125 nafar, 2026-yilning sakkiz oyida esa 78 nafar shaxs sodir etgan.

Noqonuniy jangovar sport musobaqalari uchun javobgarlik belgilanadi

Qonun bilan jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun esa ma‘muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni qaysi organlar olib borishi aniqlashtirilmoqda.

Jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni prokuratura organlari, bezorilikning tegishli holatlari hamda noqonuniy jangovar sport musobaqalarini tashkil etish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha esa ichki ishlar organlari tergovchilari olib borishi belgilanmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda sakkiz oyda giyohvandlik bilan bog‘liq 12 mingdan ortiq jinoyat aniqlangani haqida xabar berilgandi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *