Argentina hukumati badavlat investorlarni jalb qilish va mamlakat moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida yangi dasturni yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, chet elliklar investitsiya kiritish evaziga Argentina fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Iqtisodiyot vaziri Luis Kaputo va Vazirlar mahkamasi rahbari Diyego Santilli Parijdagi “Argentina haftaligi” biznes tadbiri chog‘ida bu dastur 2026-yilning oxirgi choragidan boshlab arizalarni qabul qilishini ma’lum qildi.
Prezident Haver Mayli iqtisodiy barqarorlikni tiklash va xalqaro kapitalni jalb qilish uchun biznesga qulay sharoitlar yaratishga intilmoqda.
“Oltin pasport” shartlari qanday?
Dastur fuqarolikni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan investorlarga ikkita variantni taklif qiladi:
Birinchi yo‘l: Davlat g‘aznasiga 350 ming dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qaytarilmaydigan xayriya qilish.
Ikkinchi yo‘l: Maxsus yaratilgan davlat obligatsiyalariga 800 ming dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirish.
Asosiy arizachi o‘z oila a’zolarini ham dasturga kiritishi mumkin. Turmush o‘rtoq va 18–25 yoshdagi farzandlar uchun har biriga 100 ming dollar, voyaga yetmagan bolalar uchun esa 25 ming dollardan qo‘shimcha to‘lov qilinadi.
Masalan, er-xotin va ikki nafar voyaga yetmagan farzanddan iborat oila Argentina fuqaroligini olish uchun jami 500 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi.
Iqtisodiyot vazirligining ma’lum qilishicha, dastur xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi. Pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish uchun Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Moliyaviy monitoring guruhi tavsiyalari inobatga olingan.
AQSH prezidenti Donald Tramp ham xorijliklar uchun 1 million dollarlik “oltin karta”ni joriy etgan. Mazkur karta chet el fuqarosiga AQSHda qonuniy yashash va ishlash, keyinchalik fuqarolik olish huquqini beradi. Dastlab uning qiymati 5 million dollar deb baholangandi.