Iroq bosh vaziri devonxonasi 2-oktyabr kuni Eron aviakompaniyalariga Najaf xalqaro aeroportiga kuniga 40 ta reys amalga oshirishga ruxsat berilganini ma’lum qildi. Eron bilan aviaparvozlar sentyabr oyida AQSH sanksiyalari sababli to‘xtatib qo‘yilgandi.
Ta’kidlanishicha, aviareyslarga ruxsat berilishi birgina Mahan Air kompaniyasiga taalluqli emas. Iroq o‘tgan hafta AQSH sanksiyalariga muvofiq Eronga parvozlarni to‘xtatgandi. Shundan so‘ng Bag’dod ziyorat, davolanish va ta’lim bilan bog‘liq safarlar uchun istisnolar berilishini so‘rab AQSHga murojaat qilgan.
Natijada AQSH Moliya vazirligi shia ziyoratchilarini tashiydigan reyslar uchun bir oylik maxsus ruxsatnoma berdi.
“Bosh vazir AQSH hukumatining Iroq sa’y-harakatlariga ijobiy munosabat bildirgani va istisno qilganini yuqori baholaydi”, deyiladi Iroq hukumati bayonotida.
Iroq bosh vaziri Ali az-Zaidiyning ta’kidlashicha, bu istisno ayniqsa bemorlar va diniy ziyoratchilar uchun qulaylik yaratadi.
“Havo qatnovi shunchaki ikki aeroport orasidagi transport emas, balki xalqlar o‘rtasidagi muloqot ko‘prigidir”, dedi u.
Shuningdek, bosh vazir Iroq o‘z tashqi munosabatlarini xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib borishi va turli davlatlar bilan muvozanatli hamda ijobiy aloqalar o‘rnatishga intilishini aytdi.
Avvalroq Tehron Bag‘dodni ikki davlat o‘rtasidagi doimiy havo qatnovini tiklash choralarini ko‘rishga chaqirgan edi. AQSH Eronning Mahan Air aviakompaniyasini Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakillari, shuningdek qurol-yarog‘ va dronlarni tashishda ayblaydi. Shu sababli mazkur kompaniya parvozlarga ruxsat berilgan ro‘yxatga kiritilmadi.