Fransiya imperatori Napoleon Bonapart 1809-yilda Avstriyaga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Shu paytda general Ogyust de Marmon boshchiligidagi kuchli fransuz qo‘shinlari asosiy armiyadan uzilib qolgan. Napoleon general bilan aloqa o‘rnatishni o‘gay o‘g‘li, Italiya vitse-qiroli Ejen de Bogarnega topshirgan va de Marmonga harbiy rejalar yozilgan shifrlangan xat yuborgan. Ammo shifr kaliti saqlanib qolmagani uchun xat mazmuni 200 yildan ortiq vaqt davomida noma’lum bo‘lib keldi.
Maktub shifrini SentinelOne kompaniyasi muhandisi va kiberxavfsizlik mutaxassisi Karter Cherch GPT-6 Astra sun’iy intellekt modeli yordamida yechishga muvaffaq bo‘ldi. U bu haqda o‘z blogida ma’lum qildi.
Xat nusxasi 1969-yilda Fransiya armiyasi jurnalida chop etilgandi. Cherch uni tarixiy kriptografiyaga bag‘ishlangan Cryptiana blogi orqali topgan. U GPT-6 Astra avvalroq Ikkinchi jahon urushi davridagi “Enigma” mashinasida kodlangan xabarni yechganini bilib, Napoleonning maktubini ham shu model yordamida sinab ko‘rishga qaror qilgan.
Sun’iy intellekt maktub shifrini taxminan olti soat davomida yechgan. Xat gomofonik shifrda yozilgan bo‘lib, unda bitta harf bir necha belgi bilan ifodalanishi mumkin. Maktubdagi 33 ta belgi ilgari shifrdan chiqarilgan edi.
Astra xatni qatorlarga ajratib, undagi 175 ta qo‘lyozma belgini tanib olgan. Keyin noma’lum belgilar uchun turli variantlarni sinab, ulardan ma’noli matn hosil bo‘lishini tekshirgan. The Telegraph yozishicha, bunday shifrni qo‘lda ham yechish mumkin edi, biroq bu ancha uzoq va mashaqqatli jarayon bo‘lardi.
Shifr ochilgach, Napoleon general de Marmonga fransuz qo‘shinlarining joylashuvi va soni haqida ma’lumot bergani aniqlandi. U avstriyaliklar qaysi tomondan hujum qilishi mumkinligini ham yozgan va asosiy kuchlardan uzilib qolgan generalni qo‘rqmaslikka chaqirgan.
“Yurish boshlash haqida buyruq olganingizda bir hovuch harbiy bo‘linma yoki olomon sizni qo‘rqitishiga yo‘l qo‘ymang”, deb yozgan Napoleon.
J. Vilcoq, “Le Chiffre sous le Premier Empire”,, Revue historique des Armées 25(4), 1969, pp. 22–27
1809-yilgi urush de Marmon uchun muvaffaqiyatli yakunlangan. U qo‘shinlarini Dalmatsiyadan, ya’ni hozirgi Xorvatiya hududidan olib chiqib, Napoleonning asosiy kuchlariga qo‘shilgan va kampaniyaning so‘nggi yirik jangida qatnashgan. G‘alabadan keyin Napoleon unga marshal unvonini bergan.
