• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Toshkentdagi Salor kanalidan ko‘plab nobud baliqlar oqib o‘tdi



Toshkent shahridagi Salor kanalida turli hajmdagi, jumladan, dekorativ baliqlarning ommaviy nobud bo‘lgani aniqlandi. Baliqlar Ekopark yaqinidagi kanalning sayoz qismlarida ham, suv oqimi bo‘ylab ham kuzatilgan.

“Gazeta” muxbiri voqea joyini ko‘zdan kechirganida Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘ oralig‘idagi kanalda ko‘plab o‘lik baliqlar oqib ketayotganiga guvoh bo‘lgan. Kanalning ayrim joylarida baliqlar shox-shabbalarga ilinib qolgan.

Dastlab baliqlar Markaziy bog‘dagi Yaponiyadan keltirilgan rangli baliqlar boqiladigan ko‘l bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan. Biroq bog‘ ma’muriyati bu taxminni rad etgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kanalning Markaziy bog‘gacha bo‘lgan qismida qurilish ishlari olib borilmoqda. Kanal bo‘yida yashovchilarning aytishicha, qazish ishlari bir haftadan beri davom etmoqda.

Baliqlarning aynan qayerdan boshlab nobud bo‘lgani va hodisaga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmagan.

Voqea joyiga Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi monitoring bo‘limining tahliliy laboratoriyasi xodimlari yetib kelib, kanaldan suv namunalari oldi. Mutaxassis Hidoyat Jo‘raboyevaning ma’lum qilishicha, laboratoriyada azot guruhlari, pH muhiti, quruq qoldiq, muallaq moddalar, sulfat va xlorid tuzlari bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi. Natijalar 4–5 kunda tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

Laboratoriyada baliqlardan namuna olish va tahlil qilish imkoniyati mavjud emasligi ham qayd etilgan. Muassasa oqova suvlarini tahlil qilishga ixtisoslashgan.

Toshkent shahar hokimligi holat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Hozirda Ekologiya boshqarmasi tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Mutaxassislar baliqlarning nobud bo‘lish sabablarini, ehtimoliy ifloslantirish manbalarini aniqlashi hamda hodisaning atrof-muhitga ta’sirini baholashi kerak.

Hokimlikning bildirishicha, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda to‘plangan materiallar qonunchilikka muvofiq huquqiy baholash va tegishli qaror qabul qilish uchun vakolatli organlarga yuboriladi.

Iyul oyi oxirida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Salor kanaliga 63 936 kub metr suyuq chiqindi noqonuniy ravishda tashlangani aniqlangandi. Holat yuzasidan qurilish ishlarini olib borgan MCHJga 2,2 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *