• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga 17 ta oliygoh o‘tkazildi



O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi 17 ta oliy ta’lim muassasasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

Shundan 14 tasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagogika oliygohlari hisoblanadi. Ular Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch va Shahrisabzdagi pedagogika oliygohlari, Chirchiq davlat pedagogika universiteti hamda Toshkent shahridagi Puchon universitetini o‘z ichiga oladi.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi yana uchta oliygoh — Yangi O‘zbekiston universiteti, Al-Xorazmiy universiteti va Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti ham Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

Qaror bilan O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlandi.

Shuningdek, pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi qator vakolatlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga o‘tkazildi. Jumladan, yagona yondashuv asosida oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish, pedagogik ta’limni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda ushbu sohada ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish vazifalari endi mazkur vazirlik zimmasiga yuklatildi.

Bundan tashqari, pedagogik ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish hamda pedagogika yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliygohlarning boshqaruv tizimini takomillashtirib borish ham Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining vazifalari etib belgilandi.

Avvalroq Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridan Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkazilgandi. 2026-yil 1-avgustgacha barcha dissertatsiya himoyasi jarayonlari, jumladan, ilmiy ish va avtoreferatni taqdim etish, himoya jarayonlarini rejalashtirish va ilmiy ishni baholash jarayonlari yagona onlayn tizim orqali amalga oshirilishi taʼminlanishi belgilangan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *