• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Endi banklar mijozlarni kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida ogohlantiradi



Markaziy bank boshqaruvining ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori 30-sentyabrda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, banklar kredit reklamalarida qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik xavflari haqida ogohlantirish berishi shart. Rasm, video yoki audio reklamalarda ogohlantirish uchun reklama hajmi yoki vaqtining kamida 10 foizi ajratiladi.

Shuningdek, kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham tegishli ogohlantirish joylashtiriladi. U sahifaning kamida 30 foizini egallashi lozim.

Ogohlantirishda qarz o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda qarz miqdori oshishi, qarz oluvchining mol-mulki va hisobvaraqlaridagi mablag‘larga undiruv qaratilishi hamda kredit tarixi buzilishi mumkinligi ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, mijozni chalg‘ituvchi kredit mahsulotlari uchun banklarga nisbatan tegishli chora va sanksiyalar qo‘llanadi.

Markaziy bankka ko‘ra, o‘zgartishlar isteʼmolchilarning kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq va tushunarli maʼlumotga ega bo‘lishini taʼminlashga qaratilgan.

Raqobat qo‘mitasi 2025-yilning oktyabrida aksar hollarda bunday qarz mahsulotlari reklama va targ‘ibot materiallarida aholining e’tibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratilishini, biroq bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini bildirgandi.

Qonunchilik palatasining 2026-yil 17-martdagi majlisida mikroqarzlarni reklama qilishda va marketing kontentida iste’molchilarning asosiy e’tibori bunday kredit mahsulotlarini olish kelgusida yuqori moliyaviy majburiyat keltirib chiqarishi mumkinligiga emas, balki uni tez va oson olish imkoniyatiga qaratilayotgani aytilgandi. Majlisda kredit reklamalarida uning oqibatlari haqida ogohlantirishlar berish majburiyatini joriy etish ko‘zda tutilgan qonun qabul qilingandi.

Iyul oyida qabul qilingan prezident qarori bilan kredit va nasiya savdo reklamalarida yakuniy qiymatni ko‘rsatish majburiy bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Avgust oyiga kelib, Senat kredit xizmatlari reklamasida ogohlantirish bo‘lishini nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *