O‘zbekistonda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli xizmatlar tayyorgarligi kuchaytirilgani ma’lum qilindi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim axborot manbalarida Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘ta xavfli yuqumli kasallikka gumon qilingan holat qayd etilgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Hozirda Rossiya vakolatli idoralari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali vaziyat muntazam kuzatib borilmoqda.
Xususan, kasallik tashxisining laboratoriyada tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yo‘llari, bemorning harakatlanish yo‘nalishi hamda u bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga oid ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Sanepidqo‘mita fuqarolardan turli xabarlarga ishonmaslik va ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali kuzatib borishni so‘radi.
Epidemiologik vaziyatda o‘zgarish yuz bergan taqdirda jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni O‘RVI va grippdan himoyalash bo‘yicha tavsiyalar bergandi.