• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

U ilgari parvozdan chetlatilgan: Flydubai kapitaniga hujum qilgan ikkinchi uchuvchi haqida maʼlumot berildi



30-sentyabr kuni Dubaydan Tel 00Avivga uchayotgan Flydubai samolyotida kapitan ikkinchi uchuvchining hujumiga uchrab, samolyot qulashiga bir bahya qolgandi. Birlashgan Arab Amirliklari tergovi ikkinchi uchuvchining harakatini teraktga urinish deb baholadi. Bu haqda WAM davlat axborot agentligi xabar berdi.

BAA bosh prokurori Hamad Saif al-Shamsiyning aytishicha, ikkinchi uchuvchi kapitanga uchuvchilar kabinasida favqulodda vaziyatlar uchun saqlanadigan maxsus bolta bilan hujum qilgan va samolyot boshqaruvini egallashga uringan. Avvalgi xabarlarda hujumchi kapitanni pichoq bilan jarohatlagani taxmin qilingandi. Tergov samolyot kabinasiga pichoq qanday olib kirilgani boʻyicha ham tekshiruv oʻtkazgan.

ABC News va CNN maʼlumotiga koʻra, hujumda gumon qilinayotgan shaxs — 29 yoshli Ummon fuqarosi Hammam al-Hammami. U 2024-yilda Oman Air aviakompaniyasida ikkinchi uchuvchi-stajyor boʻlib ishlagan. Biroq unda ekstremistik mazmundagi materiallar aniqlangach, parvozlardan chetlatilgan va ofis ishiga oʻtkazilgan. Keyinchalik u kompaniyadan ketgan.

CBS News manbalari al-Hammami radikal saytlarga kirgani sababli parvozlardan chetlatilganini aytdi. Shundan keyin u Royal Air Marocʼda ishlagan, sakkiz oy avval esa Flydubaiʼga ishga kirgan. Flydubai uni ishga qabul qilishdan oldin Ummondagi avvalgi faoliyatini yetarlicha tekshirmagan, deb yozadi nashr.

Al-Hammami avval parvozlardan chetlatilganiga qaramay, qanday qilib yana uchishga ruxsat olgani va nima sababdan Isroilga yoʻl olgan reysda ikkinchi uchuvchi sifatida ishlagani hozircha nomaʼlum.

Gumonlanuvchi tergov davomida ko‘rsatma bergan. U samolyotni Isroilda qulatishni rejalashtirganini aytgan.

CBS News suhbatlashgan manbalar al-Hammami Ummon fuqarosi boʻlsa-da, bu mamlakatda tugʻilmagani va umrining katta qismini xorijda oʻtkazganini bildirgan. Unda ikki fuqarolik boʻlgan boʻlishi mumkin. Manbalarga koʻra, bu uning Isroilga uchadigan reysda ishlashiga qanday ruxsat berilganini izohlashi mumkin.

Flydubai reysidagi hodisa

Flydubai reysi Dubaydan Tel Avivga uchayotgan paytda ikkinchi uchuvchi samolyot kapitaniga hujum qildi. Oqibatda samolyot xavf signalini berib, Saudiya Arabistonining Tabuk aeroportiga favqulodda qoʻndi. Parvoz chogʻida yoʻlovchilar hujumchini zararsizlantirishga yordam bergan, shundan soʻng samolyot xavfsiz qoʻndirilgan.

Qoʻnishdan keyin al-Hammami qoʻlga olinib, tergov uchun BAAga topshirilgan. Flydubai esa hodisa tafsilotlari aniqlanguniga qadar Isroilga parvozlarini vaqtincha toʻxtatgan.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats voqeani “teraktga urinish” deb atagan. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa ikkinchi uchuvchi radikal gʻoyalar taʼsiriga tushganini va oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlganini aytgan.

Hindiston fuqarosi boʻlgan Flydubai samolyoti kapitani Smit Machxar bir necha kunlik muolajadan soʻng oʻziga keldi va shifoxonadan turib Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan videomuloqot qildi. U voqeaning ilk tafsilotlarini aytib bergan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *