• Ср. Окт 7th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

To‘qayev Qozog‘iston Mudofaa vazirligidan yana uch kishini ishdan oldi



Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Mudofaa vazirligining uch nafar yuqori martabali mulozimini egallab turgan lavozimidan ozod etdi. Qaror sentyabr oyida Kaspiy dengizida 14 nafar harbiyning halok bo‘lgani ortidan qabul qilindi. Bu haqda Akorda matbuot xizmatiga tayanib Tengrinews xabar berdi.

To‘qayev imzolagan farmonlarga ko‘ra, quyidagi shaxslar lavozimidan bo‘shatildi:

Qanish Asanxonovich Abubakirov — mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari va Qurolli kuchlar Bosh shtab boshlig‘i lavozimidan olindi.

Almaz Jenishovich Jumakeyev — mudofaa vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Qanat Serikkaliyevich Niyazbekov — Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan bo‘shatildi.

Kaspiy dengizidagi fojia

24-sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan paytda 19 nafar harbiy xizmatchi Kaspiy dengiziga oqib ketdi. Ulardan uch nafari qutqarib qolindi. 25-sentyabr kuni ertalab bedarak yo‘qolgan oxirgi ikki kishining jasadi topildi. Fojia oqibatida 14 nafar harbiy halok bo‘ldi.

Qutqarilgan askarlardan biri 19 yoshli Akjol Temiraliyev bo‘ldi. U og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan edi, keyinchalik jonlantirish bo‘limidan oddiy xonaga o‘tkazildi. Hozirda unga psixologik yordam ham ko‘rsatilmoqda.

Tergov harakatlari boshlandi

Harbiylarning o‘limi yuzasidan tergovoldi surishtiruvi olib borilmoqda. Tergovchilar xavfsizlik qoidalariga rioya qilingani, ob-havo sharoiti va qutqaruv ishlarining tashkil etilishini tekshirmoqda. Qurolli kuchlarning besh nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olindi va ularning barchasi gumonlanuvchi deb topildi. Voqea sabablarini aniqlash uchun maxsus hukumat komissiyasi tuzildi. Qozog‘istonda 25-sentyabr umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Bundan oldin davlat rahbarining farmoni bilan Dauren Kosanov mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgandi. Aydos Mirzaxmetov esa mudofaa vazirining yangi rahbari etib tayinlangan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *