Saudiya Arabistoni Yamandagi Eronni qo‘llovchi husiylar guruhiga qarshi yangi harbiy hujum boshlashni rejalashtirmoqda. Ar-Riyod bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarning harbiy ko‘magiga tayanmoqda. Shuningdek, Saudiya razvedkasi rahbari Turki bin Faysal as-Saud Germaniyani ham bu kurashda qatnashishga chaqirdi.
Turki bin Faysal as-Saud Spiegel jurnaliga bergan intervyusida Yevropa mamlakatlarining siyosatini tanqid qildi. Uning aytishicha, mintaqa resurslaridan foyda ko‘radigan har bir davlat tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga ham o‘z hissasini qo‘shishi kerak.
Bir necha oy oldin Saudiya Arabistoni yarimoroli va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi uchun maxsus xavfsizlik va kuzatuv tizimini yaratishni taklif qilgan edi. Biroq birorta ham Yevropa davlati bu tashabbusda qatnashishni istamadi. Vaholanki, bu bo‘g‘oz xavfsizligi ta’minlansa, kemalar Suvaysh kanali orqali Yevropaga to‘siqsiz yetib borgan bo‘lardi.
Kimlar yordam bermoqda?
Saudiya razvedka rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlar allaqachon husiylarga qarshi kurashda ko‘maklashmoqda. Xususan, Fransiya bu jarayonda ishtirok etmoqda. Buyuk Britaniya harbiy samolyotlarni havoda yonilg‘i bilan to‘ldirish orqali yordam bermoqda.
Misr va boshqa davlatlar ham ularga ergashishi mumkin. Pokiston va Turkiya esa harbiy ta’minot, o‘q-dorilar va razvedka ma’lumotlarini yetkazib bermoqda, deya qo‘shimcha qildi as-Saud. Uning aytishicha, savdo yo‘llarini himoya qilish faqat AQSHning vazifasi emas, bu ishda butun dunyo faol bo‘lishi lozim.
Noyabr oyida Ar-Riyod shahrida Fors ko‘rfazi davlatlari hamkorlik kengashi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Turki bin Faysalga ko‘ra, uchrashuvda Yevropa va arab davlatlari o‘rtasida 30 yildan beri muhokama qilinib kelinayotgan savdo bitimini imzolash rejalashtirilgan. Bu kelishuv xavfsizlik masalalaridagi hamkorlikni boshlab berish uchun yaxshi asos bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Italiya Bob al-Mandab bo‘g‘oziga harbiy kemalar joylashtirishi haqida xabar berilgandi. Rim bu bilan bo‘g‘oz orqali tijorat kemalarining xavfsiz o‘tishini ta’minlashni ko‘zlamoqda. Strategik suv yo‘lagi husiylar sabab to‘silib qolsa, bu jahon va Yevropa iqtisodiyoti uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Shu bilan birga husiylar Yevropa va AQSH kemalariga hujum qilmaslikka va’da bergan. Ular Yevropa Ittifoqi va Vashingtonga rasmiy xat yo‘llagan va Qizil dengizda g‘arb davlatlarining kema qatnoviga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, 3-oktyabr kuni husiylar Ar-Riyoddagi Saudi Aramco neft majmuasiga hujum qildi.