• Пт. Окт 9th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

O‘zbekistonda oliygohlar bitiruvchilari bandligi bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohga 500 mln so‘mdan ajratiladi



O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashish ko‘rsatkichlarini baholash uchun “Bitiruvchi sifati indeksi” joriy etildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 29-sentyabrdagi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, indeks oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichlari, mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi va ta’lim sifati natijalarini baholashga xizmat qiladi. Indeksni shakllantirish va uning natijalariga ko‘ra oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini rag‘batlantirish tartibi tasdiqlangan.

Indeksni shakllantirishda bitiruvchilarning ishga joylashishi, ish haqi miqdori, mehnat bozoridagi barqarorligi va boshqa ko‘rsatkichlar hisobga olinadi. Bunda ma’lumotlar soliq, bandlik, ijtimoiy himoya va boshqa davlat idoralarining axborot tizimlari orqali olinadi.

Indeks natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari uchta guruhga ajratiladi: eng yuqori natija ko‘rsatgan 30 foiz oliygoh “yashil”, keyingi 30 foizi “sariq”, qolgan 40 foizi esa “qizil” guruhga kiritiladi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 20 ta oliy ta’lim tashkilotining ro‘yxati shakllantiriladi. Rag‘batlantiriladigan oliygohlarning har biriga davlat byudjetidan 500 million so‘mdan ajratilishi belgilangan.

Indeks natijalari har yili 1-oktyabrga qadar e’lon qilinadi. Dastlabki natijalar esa oliy ta’lim tashkilotlariga taqdim etilib, aniqlangan xatolarni tuzatish imkoniyati beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yil iyul oyidan 2026-yil iyuni yakunigacha bo‘lgan muddatni qamrab olgan o‘rganishlarga ko‘ra, OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi 2024/25-o‘quv yilida 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi natijalarini tahlil qilgan. Bunda ularning ishga qancha vaqtda joylashgani, bandligining barqarorligi, rasmiy daromadi va bandlik shakli o‘rganilgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *