Qo‘shma Shtatlar xavfsizlik xavotirlari sababli 2-oktyabrdan boshlab Braziliyadagi o‘z elchixonasi va konsullik xizmatlarini vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi. Shu kabi qarorni Avstraliya ham qabul qildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH Davlat departamenti bu masalada Braziliya tomoni bilan yaqindan ishlayotganini bildirgan. Vashington qanday xavfsizlik muammolari borligini aniq ta’kidlamadi. Shuningdek, bu holat Braziliyada 4-oktyabr kuni o‘tadigan prezidentlik saylovlari bilan bog‘lanmadi.
Ayni paytda, Avstraliyaning Braziliyadagi elchixonasi ham 2-oktyabr kuni o‘z ishini to‘xtatishini ma’lum qildi. Mamlakat AQSHning ogohlantirishiga tayanib, o‘z fuqarolariga Amerika diplomatik vakolatxonalaridan uzoqroq yurishni tavsiya qildi.
Keskin o‘tayotgan prezidentlik saylovlari
Bu xabar AQSH va Braziliya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytda e’lon qilindi. Yakshanba kuni (4-oktyabr) braziliyaliklar prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida ovoz berish uchun saylov uchastkalariga boradi. Siyosiy kurash ikki nomzod o‘rtasida keskin kechmoqda. Ular to‘rtinchi muddatga intilayotgan chap qanot vakili, prezident Luis Inasiu Lula da Silva hamda sobiq prezident Jair Bolsonaroning o‘g‘li — o‘ng qanot senatori Flavio Bolsonaro hisoblanadi.
Sobiq prezident Jair Bolsonaro AQSH rahbari Donald Trampning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi. U 2025-yilda Braziliyadagi oldingi prezidentlik saylovlari natijalarini o‘zgartirishga urinishda ayblanib, 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Tashqi aralashuv xavotirlari
Tramp saylovda hali biror nomzodni ochiq qo‘llab-quvvatlagani yo‘q. Biroq uning saylov natijalariga aralashishidan qo‘rquvlar mavjud.
Lula va uning tarafdorlari saylovlarga tashqi aralashuv bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan. Oq uyda jurnalistlarning saylovda Bolsonaroni qo‘llab-quvvatlaysizmi, degan savoliga Tramp:
Agar yakshanba kungi ovoz berishda nomzodlardan biri yetarli ovoz ololmasa, saylovlarning ikkinchi turi 25-oktyabrda bo‘lib o‘tadi. Bu natija mamlakatning kelgusi tashqi siyosat yo‘nalishini belgilab beradi.