Rossiya prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga armiya generali harbiy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Chechnya Segodnya” agentligi xabar berdi. Qodirov bungacha general-polkovnik harbiy unvoniga ega edi.
Shuningdek, Checheniston rahbariga qizil beret ham topshirilgan. Grozniy shahrida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida pogonlar va bosh kiyimni Rossiya Milliy gvardiyasi qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Viktor Zolotov taqdim etgan.
Armiya generali – Rossiyada harbiy unvonlar boʻyicha rasman yuqoridan ikkinchi o‘rinda turadi. Biroq amalda u eng yuqori harbiy unvon hisoblanadi, chunki Rossiya marshali unvoni 1997-yildan beri hech kimga berilmagan. Qizil beret – maxsus kuchlar harbiy xizmatchilari uchun alohida maqomni anglatuvchi bosh kiyim. U faqat bir qator o‘ta murakkab sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan harbiylarga beriladi.