• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Yaman husiylarga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Hujumga 100 mingdan ortiq harbiy jalb etilishi mumkin



Yaman Respublikasi Prezidentlik kengashi raisi Rashad al-Alimiy husiylar nazoratidagi hududlarni qaytarib olish va davlat hokimiyatini butun mamlakat bo‘ylab tiklash maqsadida harbiy operatsiyalar boshlanganini e’lon qildi.

U mamlakat tayyorgarlik bosqichidan harbiy operatsiya bosqichiga o‘tganini e’lon qildi. Rashad al-Alimiy xalqqa murojaat yo‘llab, “Konstitutsiyaviy majburiyatimiz — respublika suvereniteti va fuqarolarini himoya qilish” deb atadi. U husiylar nazoratidagi hududlar Yaman hukumati tomonidan qaytarilib olinishini ta’kidladi.

Al-Alimiy, shuningdek, qurolini tashlaydigan husiylarga amnistiya va’da qilib, husiylar nazorati ostidagi hududlar aholisini hukumat qo‘shinlari bilan hamkorlikka chaqirdi. Barcha harbiy, kuch tuzilmalari va fuqarolik davlat tuzilmalari operatsiya yakuniga qadar to‘liq shay holatga keltirildi.

Ta’kidlanishicha, harbiy operatsiyalarni boshlash qarori husiylarga tinchlik uchun yetarlicha vaqt va imkoniyat berilganidan so‘ng qabul qilingan.

Uning bayonotidan ikki kun oldin Reuters oltita mintaqaviy va G‘arb manbalariga tayanib Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergandi. Buning uchun ikkita variant ko‘rib chiqilgan:

  1. Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofidagi hududni qaytarish uchun cheklangan operatsiya o‘tkazish;

  2. Bir vaqtning o‘zida Al-Bayda, Marib, Taiz va Al-Jauf viloyatlarida keng ko‘lamli hujumni amalga oshirish.

Tanlangan variantga qarab operatsiyaga 100 mingdan ortiq Yaman harbiylari jalb qilinishi mumkin. Quruqlikdagi hujumni Ar-Riyod tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman tuzilmalari olib borishi, Saudiya Arabistoni esa havo hujumlarini amalga oshirishi kutilmoqda.

Reuters suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, AQSH Ar-Riyodga nishonlarni tanlash uchun razvedka ma’lumotlarini taqdim etadi. Biroq prezident Donald Tramp avvalroq valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning husiylarga zarba berishda Amerika aviatsiyasining bevosita ishtirok etishi haqidagi iltimosini qondirishdan bosh tortgandi.

Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni “Makka pakti” doirasidagi hamkorlari — Pokiston (harbiy uskunalar hamda maslahatchilar) va Turkiyadan (dronlar) olgan harbiy yordamini Yamandagi operatsiyaga jalb qilishi mumkin.

The Insider nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina 10—11-sentyabr kunlari husiylar g‘arbiy qirg‘oqdagi va bevosita Bob al-Mandab bo‘g‘ozi yaqinidagi kamida to‘rtta muhim punktni egallab olgan. 10-sentyabrda ular yirik Moxa porti va Xanish orolini egallagan. Ertasi kuni guruh bevosita Bob al-Mandab bo‘yidagi Dubab shahrini va uning qarshisida joylashgan Perim orolini nazoratiga olgan. Shu tariqa, Reuters xabariga ko‘ra, husiylar Yamanning Qizil dengiz sohili ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *