• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

“Tomoshabin pistachi aktrisalardan charchadi”. Feruza Meliboyeva dadasi bilan bog‘liq armoni va uyli bo‘lish uchun sarflangan 20 yili haqida

“Tomoshabin pistachi aktrisalardan charchadi”. Feruza Meliboyeva dadasi bilan bog‘liq armoni va uyli bo‘lish uchun sarflangan 20 yili haqida


O‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi Feruza Meliboyeva “Chotki TV” YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida aktrisa turmush o‘rtog‘i bilan 20 yillik mehnati evaziga uy-joyli bo‘lgani, to‘y xizmatlariga chiqishga majburligi hamda bolalikdan otasiz ulg‘aygani haqida so‘zlab berdi.

“Xalq ham pistachining aktrisa bo‘lishidan charchadi”

— Professional aktrisa bo‘lish uchun shu sohada avval bakalavrda, so‘ngra magistraturada o‘qidim. Umrimning 23 yilini san’atga — teatr va kinoga bag‘ishladim. Bu orada oila qurib, to‘rt farzandni dunyoga keltirdim. Hamma ijodkorlarning og‘riqli nuqtasi — endi tanilib, biror narsaga erishdim deganda, diqqat-e’tiborini ishga qaratib, bolalariga e’tibor berolmay qoladi. Gohida bu holat san’atkorni qiynaydi.

Mana shu soha uchun kurashib, o‘z ustingizda ishlab, tomoshabinga sifatli mahsulot taqdim etishga intilasiz. Shunday kunlarning birida serial yoki filmdan yaxshi taklif tushadi. Biroq sizning narx-navongiz yoki ijodiy shartlaringiz ularga to‘g‘ri kelmay, yakunda ko‘chadan xohlagan bir pistachini olib kelib, rolni unga topshirishadi. Hozirgi zamonda o‘sha pistachi o‘rnimizni egallayapti. Xalq ham bundan charchadi, deydi aktrisa.

“Ehtiyoj bo‘lmaganda to‘ylarga chiqmasdim”

Instagram

— Agar o‘zimni Nodirabegim yoki Zulfiya siymosida ko‘rib, shu obrazlarni mahkam ushlagancha yuraversam, vazirlik ham meni himoya qilishi, qo‘llashi kerak-da. Qaysidir bir serialga shartnoma qilsam, u barcha ehtiyojlarimni qoplashi lozim. Tuzilgan shartnoma ro‘zg‘or tashvishini o‘ylatmasligi, to‘ylarga chiqib chalg‘imasligim uchun moddiy jihatdan meni qoniqtirishi shart. Ana o‘shanda boshqa loyihalarda chiqmay, faqat menga ishonib topshirilgan qahramon hayoti bilan yashayman. Shunga munosib kiyinib, munosib so‘zlayman va o‘sha siymoni gavdalantiraman. Aytmoqchi bo‘lganim, yaratilgan san’at asariga munosib haq to‘lansin, deydi u.

“Turmush o‘rtog‘im bilan 20 yil deganda uy-joy qildik”

Instagram

— Teatrga kelgan ilk yillarimdan boshlab sekin-asta qo‘shimcha xizmatlarga chiqa boshlaganmiz. Ko‘p ustozlarimiz bizni to‘g‘ri tushunishmasdi, “teatr birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak, to‘yga chiqqanlar shunchaki otarchi”, deyishardi. Ustozlarimiz o‘z davrida bor vaqtini faqat teatrga bag‘ishlay olgan. Chunki o‘sha paytlarda ular bir oylik maoshga avtomobil sotib ololgan, san’atkorlarga davlat tomonidan uylar berilgan. Shuning uchun ustozlarimizga, “Jon ustozlar, sizlarning davringizda imkoniyatlar boshqacha bo‘lgan. Biz Toshkentga mard bo‘lib kelib, ijod yo‘liga qadam qo‘ydikmi, endi orqaga chekinolmaymiz. Qo‘llab turinglar, biz ham uy-joy qilaylik. Vatan birinchi o‘rinda. Uch-to‘rt farzand bilan bir xonali yotoqxonada yashash qiyin”, degan bo‘lardim.

Biz esa turmush o‘rtog‘im bilan 20 yil deganda o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Bunga oylik maoshdan tashqari to‘ylar va qo‘shimcha xizmatlarimiz evaziga erishdik. Ikki farzandli bo‘lgunimizcha san’atkorlar yotoqxonasida yashaganmiz, buni aytishdan uyalmayman. Kattalarimiz, “Eski chorig‘ingni uying to‘riga osib qo‘y”, deb juda to‘g‘ri aytishgan. Men ham xuddi shunday qilganman. Bugun o‘sha o‘tgan kunlarimga qarab, Alloh bergan imkoniyatlardan havolanib ketmaslikka, kimningdir dilini og‘ritmaslikka harakat qilaman.

Instagram

“Do‘stlarimning ko‘pini hayotimdan o‘chirgan bo‘lardim”

— Hayotimda butunlay o‘chirib tashlashga majbur qiladigan darajadagi og‘ir zarbalar bo‘lmagan, Xudoga shukr. Ammo xato tanlangan do‘stlarimning ko‘pini vaqtida “chopgan” bo‘lardim. Garchi bunday qilmagan bo‘lsam-da, vaqt o‘tib hayotning o‘zi ularni chetga chiqarib tashladi.

Tanish-bilish yoki institutdosh boshqa, ammo “do‘st” deb tanlaganlarimiz butunlay boshqa ekan. O‘zi sanoqligina yaqinlarim bor. Shu yoshgacha birov meni sotib yoki eng qimmatli narsamni o‘g‘irlab ketdi, deyolmayman. Inson sifatida hayotda men uchun qimmatli bo‘lgan narsalarni himoya qilishga ko‘p vaqt sarflayman. Shunga qaramay, baribir orada qalbingizga yaqin olgan insonlaringiz qaysidir ma’noda sizni maydonda yolg‘iz qoldirib, pand berar ekan. O‘shanday paytlarda qalbim qattiq og‘rigan, deydi aktrisa.

“Otasiz katta bo‘lganman”

Instagram

— Bolaligim haqida gapiradigan bo‘lsam, oilada bitta qizman, otasiz ulg‘aydim. Dadam ketgan paytda men hali tug‘ilmagan edim. Faqat tug‘ilganimdan keyin kelib, guvohnomalarimni rasmiylashtirib bergan. Balki shuning uchun ham har qanday vaziyatda birinchi bo‘lib onam, derman. Lekin bu otam bizni butunlay tashlab qo‘ygan, degani emas. Dadam bilan bolaligimdan to shu kungacha bordi-keldilarimiz davom etadi. Ba’zida uylariga olib ketganlari, maktabga meni ko‘rgani kelganlari hali-hanuz esimda. Yutuq va kamchiliklarimizdan doim xabardor bo‘lib, maslahatlarini ayamaydilar. Bir so‘z bilan aytganda, otamning borligini hamisha his qilib turamiz.

Lekin dadam Rossiya fuqarosi. Bu yerda turmushi o‘xshamagach, o‘sha yoqqa ketib, yangi oila qurgan. U yerda uka-singillarim bor, ular ham hozir biznikiga mehmonga kelib turishadi. Dadamning ayolini ham onam, deyman va ko‘rgani borib turaman.

Kichikligimda qo‘shni bolalarni dadasi yetaklab maktabga olib borganini, do‘kondan shirinliklar olib berganini ko‘rib, juda havas qilardim. Endi o‘sha paytdagi bolalik og‘riqlari farzandlarim hayotida takrorlanmasligi uchun ham oilamni himoya qilaman. Bolalarim otasiz o‘sishini xohlamayman, chunki bu yo‘lni o‘zim bosib o‘tganman. Onam meni hamma narsadan kam qilmay, bor mehr-muhabbatini bergan bo‘lsa-da, baribir to‘kis oila baxtini to‘liq his qila olmaganman, deydi aktrisa Feruza Meliboyeva.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *