• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yuklamasi 2026-yil oxirigacha 65 foizga yetkaziladi



Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda yana bir yirik loyiha — Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.

Hozirda zavodda asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlangani natijasida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishni 30 foizga, bitum 60 foizga, aviakerosin esa 5 barobarga oshirishga erishilgan.

Kelgusida zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshiriladi. Yil oxiriga qadar zavod yuklamasi 40 foizdan 65 foizga yetkaziladi va keyinchalik oshirib boriladi.

Davlat rahbari geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari natijadorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitob va aniq moliyalashtirish manbalari asosida olib borish, tarmoq korxonalari faoliyatida samaradorlikka alohida e’tibor berish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotda, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tasarrufidagi yirik korxonalarning moliyaviy natijalari ham tahlil qilindi. Joriy yilning to‘qqiz oyi yakuni bilan korxonalarning jamlangan sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sgan, kredit portfelini maqbullashtirish natijasida esa qarzdorlik kamaygan, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish orqali foiz xarajatlarini tejashga erishilgan.

Loyiha doirasida gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirishga doir loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda yangi magistral gaz quvurlarini qurish, kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish kabi tadbirlar qamrab olinadi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *