“Barselona” yetakchisi Lamin Yamal rahbariyatning Erling Holand (“Manchester Siti”) yoki Xulian Alvares (“Atletiko”) kabi futbolchilarni sotib olish rejasini qo‘llab-quvvatlamayapti. El Nacional nashrining yozishicha, kataloniyaliklar hozirda hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida ushbu ikki tayyor hujumchi variantini faol tarzda ko‘rib chiqmoqda. Biroq Yamal qimmatbaho transferlarni amalga oshirgandan ko‘ra, 18 yoshli Hamza Abdelkarimga ko‘proq ishonch bildirish kerak, degan fikrda. Unga ko‘ra, yosh misrlik hujumchini rivojlantirish jamoaga ko‘proq foyda keltiradi.
“Barselona” Abdelkarimni 2026-yilning fevral oyida Misrning “Al-Ahli” klubidan ijaraga olgan, yozda esa 1,5 million yevro evaziga uni to‘liq xarid qilish huquqidan foydalangandi. Yosh hujumchining “ko‘k-anorranglilar” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilga qadar mo‘ljallangan.
O‘tgan mavsumda misrlik futbolchi “Xuvenil A” (“Barselona”ning yoshlar jamoasi) safida 11 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol (jumladan, bitta xet-trik) muallifiga aylangan. Mavsumoldi yig‘inlarida esa 4 ta to‘p kiritib, “Barselona”ning eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Abdelkarim asosiy jamoa safidagi debyutini 31-avgust kuni “Rayo Valyekano”ga qarshi bahsda o‘tkazdi. Qolaversa, u ushbu haftada Misr milliy jamoasi libosida Janubiy Sudanga qarshi o‘yinda o‘zining debyut golini kiritishga ham ulgurdi.