• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Ispaniyada uy-joy inqirozi ortidan parlament tarqatib yuborildi. Mamlakatda muddatidan oldin saylovlar o‘tkaziladi



Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches parlamentni tarqatib yuborib, muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini e’lon qildi. O‘tgan hafta hukumatning uy-joy inqiroziga qarshi choralari parlamentda yetarli ovoz olmagan edi. Ispaniyada uy-joy muammosi so‘nggi haftalardagi eng muhim siyosiy mavzulardan biriga aylandi.

O‘ng qanot partiyalar hukumatning takliflarini blokladi

2-oktyabr kuni Ispaniya parlamenti ijarachilarni himoya qilishga qaratilgan hukumatning ikkita favqulodda qarorini ko‘rib chiqdi.

Ulardan biri ijarachilarni uyidan majburan chiqarishga 2030-yilgacha moratoriy joriy etishni nazarda tutgan. Ikkinchi taklif esa uylarni qisqa muddatga va alohida xonalar bo‘yicha ijaraga berishni cheklashga qaratilgan.

Biroq konservativ Xalq partiyasi, o‘ta o‘ng Vox va Kataloniyaning Junts partiyasi bu takliflarga qarshi ovoz berdi. Xalq partiyasi vakillari uy-joy narxlarini tushirish uchun cheklovlar joriy etish emas, ko‘proq yangi uylar qurish kerakligini ta’kidladi.

87 yoshli ayolning uyidan chiqarilishi noroziliklarga sabab bo‘ldi

Parlamentdagi ovoz berish muvaffaqiyatsiz yakunlanishidan oldin Madridda 87 yoshli Marikarmen Abaskalni qo‘llab-quvvatlab ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tgandi. Ayol qariyb 70 yil davomida bir kvartirada ijarada yashagan. So‘nggi 20 yil ichida esa ijara haqining oshirilishiga rozi bo‘lmay, avvalgi narxda to‘lab kelgan.

The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, gap ijara haqi qariyb 230 foizga oshirilgani haqida ketgan.

Abaskalni uyidan chiqarishga urinish aks etgan kadrlar katta jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘ldi. Madridda ayolni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan noroziliklardan so‘ng, unga shu kvartirada yashashda davom etishga ruxsat berildi.

Namoyishlar o‘nlab shaharlarga tarqaldi

Uy-joy narxi qimmatligiga qarshi noroziliklar Ispaniyaning o‘nlab shaharlarini qamrab oldi va so‘nggi paytdagi eng yirik namoyishlardan biriga aylandi.

3-oktyabr kuni qariyb 50 ta shaharda aksiyalar bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, ularda jami 500 mingga yaqin odam qatnashgan. Faqat Madridning o‘zida 70 ming kishi ko‘chaga chiqqan.

Namoyishchilar norozilik ramzi sifatida kalitlarini shiqirlatgan. Madridda esa ayrim ishtirokchilar Puerta-del-Sol maydonida chodirlar tikib, lager tashkil qilgan. Ular ijarachilar huquqlarini kuchliroq himoya qilishni va odamlarni boshpanasidan chiqarishni taqiqlashni talab qilgan.

Siyosatshunos Estefaniya Molinaning eslatishicha, Puerta-del-Sol maydonida oxirgi marta 2011-yilda shunday lager qurilgandi. O‘shanda odamlar uy sotib olishga qurbi yetmagani uchun norozilik bildirgan.

Saylov 29-noyabrda bo‘lib o‘tadi

Ispaniyada muddatidan oldin parlament saylovi 2026-yil 29-noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Aslida saylov 2027-yilda o‘tkazilishi kerak edi. Sanchesning bosh vazirlik vakolati esa iyul oyida yakunlanishi belgilagan. U 2018-yildan beri Ispaniya bosh vaziri lavozimida ishlab keladi va Yevropadagi boshqa hukumat rahbarlarining aksariyatiga qaraganda bu lavozimni uzoqroq vaqt egallab kelmoqda. Sanches saylovchilarga uning hukumati va o‘ng qanot kuchlar o‘rtasida tanlov qilishga to‘g‘ri kelishini aytdi. Uning fikricha, o‘ng kuchlar hokimiyatga kelsa, ayrim erkinliklar cheklanishi mumkin.

Reuters yozishicha, saylov natijasida Fransisko Franko davridan beri ilk bor o‘ta o‘ng partiya Ispaniya hukumati tarkibiga kirishi mumkin.

Sanchesning Sotsialistik partiyasi deyarli barcha so‘rovlarda ortda qolmoqda. So‘nggi ikki yil ichida bosh vazirning o‘zi va uning yaqinlari korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar markazida qolgan.

Sanchesning ukasi ishga kirishda qonunni buzgan deb topilib, unga to‘qqiz yil davlat xizmatida ishlash taqiqlangan. Bosh vazirning rafiqasi esa mablag‘larni o‘zlashtirish va o‘z mavqeyidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha sudga tortilishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Sanches saylov kampaniyasida uy-joy muammosini asosiy mavzulardan biriga aylantirib, shu orqali saylovchilarni faollashtirishga urinmoqda.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *