• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Yana bir robot jangga tayyor: ruslarning ekipajsiz tanki haqida nimalar ma’lum?


FPV-dronlarning keng qo‘llanilishi ortidan butun dunyo bo‘ylab tanklarga nisbatan munosabat o‘zgardi. Ayniqsa, Ukraina urushida ular frontning old jabhasidan chekinib, artilleriya va mudofaa istehkomi kabi ikkilamchi rollarga chekindi.

Ammo Rossiya armiyasi ushbu og‘ir jangovar mashinalardan osongina voz kechmoqchi emas. Rus muhandislari T-72 bazasida masofadan boshqariluvchi tank ishlab chiqqani hamda uni ilk bor jamoatchilikka namoyish etgani shundan dalolat qilyapti. U “Markaz-2026” strategik mashg‘ulotlarida qatnashdi.

Robot tank — u nima?

Masofadan boshqariluvchi tank g‘oyasi qachon paydo bo‘lgani hamda rus muhandislari oldiga qanday texnik talablar qo‘yilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. “Shturm” nomi bilan yangi loyiha ustida ish boshlangani haqida 2018-yili ma’lum bo‘lgan. O‘shanda “Uralvagonzavod” Rossiya Mudofaa vazirligi buyurtmasi bilan T-72B3 tanki bazasida og‘ir robotlashtirilgan hujum majmuasini ishlab chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo kuzatuvchilarda u qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi hamda taktik-texnik xususiyatlari haqida hech qanday tasavvur mavjud emasdi.

“Uralvagonzavod” muhandislari izlanish ishlarini davom ettirdi. 2021-yilga kelib Rossiya Mudofaa vazirligi bilan “Shturm”ning tajriba uchun mo‘ljallangan prototipini yaratish bo‘yicha davlat shartnomasi imzolandi. Shundan so‘ng robot tank yana bir necha yilga media maydonini tark etdi. 2025-yili noma’lum manba tomonidan e’lon qilingan hamda “Uralvagonzavod” korxonalarining birida olingan video barchasini o‘zgartirdi.

Tasvirlarda Rossiya armiyasi inventarida mavjud bo‘lmagan ikkita harbiy texnika aks etgandi. Keyinroq ular “Shturm” robot tanki hamda uni masofadan boshqarishga mo‘ljallangan majmua ekani ma’lum bo‘ldi.

image-cropped

“Shturm” va masofadan boshqarish majmuasi

Spoyelar: “Shturm” yagona namuna emas, balki “robotlar oilasining bir qismi

Rossiya yangi tankining imkoniyatlarini ilk bor “Markaz-2026” strategik o‘quv mashg‘ulotlari doirasida rasman namoyish qildi. Masofadan boshqariluvchi texnika o‘lchamlar masalasida an’anaviy T-72 tankidan ko‘p ham farq qilmaydi. Qolaversa, har ikkisi bir xil kalibrdagi snaryadlardan foydalanadi. Biroq “Shturm” tankiga qisqartirilgan stvolli D-414 to‘pi o‘rnatilgan.

Bundan xulosa qilish mumkinki, rossiyaliklar ushbu jangovar mashinani boshqa tanklar bilan duellarda emas, dushman istehkomlariga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘t ochuvchi vosita sifatida qo‘llamoqchi. Boshqacha aytganda, “Shturm”ga qisqa stvolli to‘p o‘rnatilishining asosiy sabablaridan biri undan tor ko‘chalar, binolar va vayronalar orasida qulayroq foydalanishdir. Boisi an’anaviy tanklarning uzun stvoli bunday sharoitlarda manyovr qilishni murakkablashtirishi mumkin.

Biroq ta’kidlash joiz, “Shturm” loyihasi ustidagi izlanishlar faqat robot tank bilan cheklanib qolgani yo‘q. Rus muhandislari dastur doirasida BMPT “Terminator” piyoda jangovar mashinasining ham ekipajsiz variantini ishlab chiqqan. U ham “Markaz-2026” o‘quv mashg‘ulotlari doirasida namoyish etildi. Biroq ekipajsiz “Terminator”ning janglarga qanchalik tayyorligi noma’lum. Boisi, uning na harakatlanayotgani, na o‘t ochayotgani aks etgan kadrlar bor.

image-cropped

BMPT «Terminator» jangovar mashinasining ekipajsiz varianti

“Ona tank”

Rossiya armiyasi robot tankning yordami bilan askarlarni frontning old jabhasiga olib chiqishdek muammoni bartaraf etishi, ya’ni eng xavfli missiyalarni “Shturm” yordamida bajarishi mumkin. Biroq bu ekipaj butunlay xavfsizlikda ekanini anglatmaydi. Qolaversa, mazkur konsepsiya yangi muammolarni yaratadi.

Gap shundaki, askarlar “Shturm” tankini T-72 yoki T-90 bazasiga asoslangan boshqa bir platforma ichidan boshqaradi. Ekspertlar uni shartli ravishda “mothership tank”, ya’ni “ona tank” deb ataydi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, real vaqt rejimida boshqarish imkoniyati saqlanib qolishi uchun bu ikkisi o‘rtasidagi masofa taxminan 3–4 kmdan oshmasligi kerak.

image-cropped

«Shturm» tankini masofadan boshqari majmuasi

Ukraina urushida qo‘llanilayotgan FPV-dronlarning jangovar imkoniyatlariga qaraydigan bo‘lsak, 3–4 km umuman xavfsiz masofa hisoblanmaydi. Boisi dronlar sabab shakllangan “kill zone” (o‘lim zonasi) frontning ayrim qismlarida 25 km va undan ham chuqurroqqa cho‘zilgan. Ayrim modeldagi FPV-dronlar esa bundan-da uzoqdagi nishonlarga zarba bera oladi.

Bunday sharoitlarda dushman tomoni asosiy e’tiborini ekipajni topib, ularni yo‘q qilishga qaratadi. Ya’ni insonlar baribir birlamchi darajali nishonga aylanadi. Qolaversa, “Shturm” va “Ona tank” radioelektron kurash tizimlariga qanchalik bardoshli ekani ham noma’lum. Agar bu ikkisi o‘rtasidagi aloqa uzib qo‘yilsa, robot tankning temir-tersak uyumidan farqi qolmaydi. Ammo mazkur texnologiya hali ham takomillashtirish bosqichida ekanini ta’kidlash joiz.

image-cropped

Ma’lum qilinishicha, mazkur konsepsiya faqat bitta robot tank bilan cheklanib qolmagan. Loyihaga ko‘ra, turli vazifalarni bajaruvchi bir nechta og‘ir ekipajsiz mashinalar yaratish ko‘zda tutilgan. Aniqroq aytganda, “Shturm”ning bazasiga “Shmel-M” reaktiv olovpurkagichlari hamda 220 mm kalibrli termobarik raketalarni ham integratsiya qilish rejasi bor.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *