Xitoy 2027-yildan avtomobil eksport qiluvchi kompaniyalarga yangi talablar qoʻymoqda. Endi ishlab chiqaruvchilar xorijda sotadigan avtomobillari uchun servis va taʼmirlash tizimi mavjudligini ham isbotlashi kerak. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligining 29-sentyabrdagi hujjatida aytilgan.
Talablarga koʻra, kompaniyalar xorijdagi servis markazlari bilan hamkorlik qilayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi. Shuningdek, bu markazlarda avtomobillar va ularning asosiy qismlarini taʼmirlash imkoniyati, zarur uskunalar, malakali xodimlar hamda ehtiyot qismlar taʼminoti mavjudligi koʻrsatilishi kerak.
Ishlab chiqaruvchilardan servis markazlarining fotosuratlari, uskunalar roʻyxati, xodimlar malakasiga oid hujjatlar va ularni oʻqitish tizimi haqida ham maʼlumot soʻraladi.
Shu tariqa Xitoy avtomobilni xorijga sotish bilan cheklanmay, sotuvdan keyingi xizmat ham yoʻlga qoʻyilishini talab qilmoqda. Kompaniyalar xaridorlarga texnik yordam koʻrsatish, sifat bilan bogʻliq muammolarni hal qilish va avtomobillarga keyingi servis xizmatini taʼminlay olishini koʻrsatishi lozim.
Rasmiylarga koʻra, yangi tartib Xitoydan avtomobillarning “kulrang eksporti”ni cheklashga qaratilgan. Bu atama mashinalarning ishlab chiqaruvchi yoki rasmiy distribyutor nazoratidan tashqarida, norasmiy kanallar orqali boshqa davlatlarga olib chiqilishini anglatadi.