Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, majburiy harbiy xizmatdan ozod etilganini ochiqchasiga nishonlagan Janubiy Koreya U-23 terma jamoasining uch nafar futbolchisi jamoatchilikdan uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.
Koreyaliklar turnir finalida mezbon Yaponiyani 1:0 hisobida mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. The Athletic nashrining yozishicha, ushbu g‘alaba evaziga jamoaning 23 nafar a’zosidan 20 nafari qonunchilikda belgilangan majburiy harbiy xizmatdan ozod etildi.
Final hushtagidan so‘ng Yan Min Hyok “haqiqiy mukofot bu — medal emas, balki harbiy xizmatdan ozod bo‘lish ekani” haqida gapirdi. Jamoa sardori Li Gi Hyok ham o‘yindan keyingi intervyusida o‘z quvonchini umuman yashirib o‘tirmadi. Himoyachi Pak Sin Su esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida harbiy xizmatdan ozod etilganini anglatuvchi maxsus kepkasini ko‘z-ko‘z qildi.
Futbolchilar xizmatga bormasligini bunday ochiq nishonlashi mamlakat ichida jiddiy e’tirozlar va salbiy reaksiyalarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik buni ayni paytda armiyada xizmat qilayotgan oddiy yigitlarga nisbatan hurmatsizlik deb baholadi. Natijada har uchala sportchi omma oldida kechirim so‘rashiga to‘g‘ri keldi. Japan Times nashrining xabar berishicha, terma jamoa sardori Li Gi Hyok ro‘y bergan holat yuzasidan shunday izoh bergan.
Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Koreyada yaroqli bo‘lgan barcha erkaklar 28 yoshga to‘lgunga qadar 18 oydan 21 oygacha muddatda harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi shart. Biroq hukumat Osiyo o‘yinlari chempionlari va Olimpiada sovrindorlariga alohida imtiyoz beradi. Bunday sportchilar to‘liq muddatli xizmat o‘rniga, faqatgina qisqa muddatli boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tib, ma’lum soat jamoat ishlarini bajarsa kifoya qiladi.