• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Bolgariya qirgʻoqlarida dronlar ilk bor fuqarolik kemalariga hujum qildi, ulardan biri choʻkib ketdi



Bolgariya sohillari yaqinida nomaʼlum dronlar ikki savdo kemasiga zarba berdi. Hujum oqibatida kemalardan biri choʻkib ketgan, undagi ekipajning taqdiri hozircha nomaʼlum. Ikkinchi kemadagi 18 kishilik ekipaj esa qutqarib qolingan, deb yozmoqda Reuters.

Hodisa Bolgariyaning eksklyuziv iqtisodiy hududida, qirgʻoqdan taxminan 110–150 kilometr uzoqlikda yuz bergan. Reuters yozishicha, bu Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri Bolgariya suvlarida fuqarolik kemalariga qarshi qayd etilgan ilk dron hujumi boʻlishi mumkin.

Hujumga uchragan kemalar — Palau bayrogʻi ostidagi Able va Togo bayrogʻi ostidagi Alfa Watan. Har ikki kemadan mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:00 da yordamga chaqiruv signali kelib tushgan. Soat 09:00 lar atrofida Alfa Watan Bolgariya chegara politsiyasi radarlaridan yoʻqolgan.

Able kemasidagi 18 kishilik ekipajni yaqin atrofdagi yuk-yoʻlovchi kemasi qutqargan. Ekipajning 11 nafari Turkiya, yetti nafari Hindiston fuqarolari. Ikki kishi jarohatlangan: biri kuygan, ikkinchisi boshidan yaralangan. Ular Varna shahridagi harbiy gospitalga olib ketilgan.

Dronlar kimga tegishli ekani hozircha rasman aniqlanmagan. Reuters manbasining dastlabki bahosiga koʻra, hujum Rossiya tomonidan amalga oshirilgan boʻlishi mumkin.

Bolgariya bosh vaziri: “Hujum xalqaro dengiz qonunchiligini buzmoqda”

Hujumdan keyin Bolgariya bosh vaziri Rumen Radev Mudofaa vazirligi, xavfsizlik xizmatlari va boshqa idoralar vakillari ishtirokida favqulodda yigʻilish chaqirdi. U voqeani “mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan hujum va xalqaro dengiz huquqining qoʻpol buzilishi” deb atadi.

Radevning aytishicha, omon qolgan Able kemasi janubga bugʻdoy olib ketayotgan edi. Shimolga yoʻl olgan Alfa Watan kemasida qanday yuk boʻlgani esa hozircha nomaʼlum.

5-oktyabr kuni Qora dengizda Ruminiya sohillari yaqinida Royad Mammadov nomli yuk kemasi ham choʻkib ketgandi. Mahalliy rasmiylarga koʻra, kemadagi 11 kishi qutqarilgan, ikki dengizchi halok boʻlgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *