• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Mashina benzin oʻrniga yadro reaktori bilan yursa nima boʻladi?


1958-yilda Amerikaning Ford avtomobil kompaniyasi yadro reaktori bilan ishlaydigan avtomobil yaratish gʻoyasini ilgari surdi. Ford Nucleon deb nomlangan bu loyiha benzin oʻrniga atom energiyasidan foydalanishi kerak edi. Ammo loyiha chinakam avtomobilga aylanmagan — uning birorta ham ishlaydigan prototipi yaratilmagan.

Ford Nucleonʼning 3:8 masshtabdagi ikkita maketini yaratgan. Ulardan biri avtomobil shaklini sinash uchun gipsdan, ikkinchisi esa koʻrgazmalarda namoyish qilish uchun shisha tolali plastmassadan tayyorlangan.

Hozirgacha ikkinchi maket saqlanib qolgan. U bugun Michigan shtatining Dirborn shahridagi Genri Ford muzeyida turibdi. Bu faqat koʻrgazma uchun yaratilgan maket boʻlib, harakatlana olmaydi. Muzey maʼlumotiga koʻra, Nucleon kelajakda yangi energiya manbalari avtomobillar dizaynini qanday oʻzgartirishi mumkinligini namoyish etish uchun yaratilgan.

Foto: The Henry Ford

Nucleon qanday ishlashi kerak edi?

Reaktorni avtomobilning orqa qismiga joylashtirish rejalashtirilgan. U issiqlik ishlab chiqaradi, bu issiqlikdan bugʻ hosil qilinadi, bugʻ esa turbinani aylantirib, avtomobilni harakatga keltirishi kerak edi. Tizim atom suvosti kemalaridagi funksiyaga oʻxshash boʻlgan.

Ford olinib-taqiladigan Power Cell kuch blokini orqa gʻildiraklar orasiga joylashtirishni rejalashtirgan. Bu blok ichida reaktor, turbina va avtomobil harakatini taʼminlaydigan asosiy mexanizmlar boʻlishi kerak edi.

Ford hisob-kitobiga koʻra, avtomobil bitta yoqilgʻi bloki bilan qariyb 8000 kilometr yoʻl bosishi kerak edi. Shundan soʻng Power Cell bloki maxsus stansiyada yangisiga almashtirilardi. Shuningdek, xaridorlarga reaktorning tejamkor yoki kuchliroq variantlarini taklif qilish rejalashtirilgandi.

Radiatsiyadan qanday himoyalanish kerak edi?

Ishlayotgan yadro reaktori doimiy ravishda radiatsiya chiqaradi. Yoʻlovchilarni undan himoya qilish uchun qoʻrgʻoshin yoki beton kabi qalin va ogʻir qatlam kerak boʻladi. Ford bu muammoni kelajak texnologiyalari hal qiladi deb umid qilgan. Kompaniya vaqt oʻtishi bilan reaktorlar ham, radiatsiyadan himoya vositalari ham kichikroq va yengilroq boʻladi deb hisoblagan.

Muammo qanchalik katta boʻlganini Convair NB-36H samolyoti misolida koʻrish mumkin. U 1955-yildan 1957-yil martigacha yadro reaktori bilan sinov parvozlarini amalga oshirgan. Samolyot bortidagi 1 MVt quvvatli reaktorning oʻzi 16 tonna kelgan. Ekipaj kabinasini radiatsiyadan himoya qiluvchi qoʻrgʻoshin va rezina qobiq esa qoʻshimcha 11 tonna boʻlgan. Hatto oynalar 25–30 santimetr qalinlikdagi qoʻrgʻoshinli shishadan yasalgan.

Oddiy avtomobilning oʻzi bunday himoya kabinasidan ham yengil. Demak, shuncha ogʻir himoya vositalarini Ford Nucleonʼga oʻrnatish avtomobil vaznini haddan ziyod oshirib yuborgan boʻlardi.

Toʻxtagandan keyin ham issiqlik ajraladi

Yana bir muammo radiatsiya emas, issiqlik bilan bogʻliq. Yadro reaktorini benzin dvigateli kabi shunchaki oʻchirib qoʻyib boʻlmaydi. Reaksiya toʻxtatilgandan keyin ham yadro yoqilgʻisi bir muddat issiqlik chiqarishda davom etadi.

Dastlab bu issiqlik avvalgi quvvatning qariyb 6,5 foiziga teng boʻladi. Bir soatdan keyin taxminan 1,5 foiz, bir sutkadan keyin esa 0,4 foizgacha kamayadi.

Agar reaktor sovitilmasa, uning ichidagi yadro yoqilgʻisi qizib ketib, xavfli holat yuzaga kelishi mumkin. Shu sabab sovitish tizimi avtomobil oʻchirilgandan keyin ham — toʻxtab turganda, tirbandlikda qolganida yoki avariyadan keyin ishlashi kerak boʻlardi.

Sharhlovchilarga koʻra, Ford bu muammoga amaliy yechim topa olmagan.

Yoʻl-transport hodisasi qanchalik xavfli boʻlardi?

Oddiy avtomobillar ishtirokidagi avariyalar har kuni yuz beradi. Ammo yadro reaktori oʻrnatilgan mashina bilan sodir boʻladigan toʻqnashuvning oqibatlari ancha jiddiy boʻlishi mumkin. Kuchli zarba reaktorning himoya qobigʻi yorilishiga, ichidagi radioaktiv suyuqlik sizib chiqishiga yoki yadro yoqilgʻisining shikastlanishiga sabab boʻlishi mumkin edi.

Shunda oddiy yoʻl-transport hodisasi yirik radiatsion avariyaga aylanish xavfi tugʻilardi.

Ishlatilgan blokni nima qilish kerak edi?

Ford rejasiga koʻra, har 5000 mil, yaʼni taxminan 8000 kilometrdan keyin yoqʻilgi bloki avtomobildan olinishi kerak edi. Ammo ishlatilgan reaktor bloki radioaktiv chiqindiga aylanardi.

Uni oddiy joyda saqlab boʻlmasdi. Buning uchun maxsus himoyalangan stansiyalar va saqlash joylari kerak boʻlardi. Ishlatilgan bloklarni bir joydan ikkinchi joyga xavfsiz tashish ham alohida muammo tugʻdirardi.

Agar bunday avtomobillar millionlab boʻlganida, radioaktiv bloklarni almashtirish, tashish va saqlash juda katta tizimni talab qilardi. Benzinli mashinalarda esa bu jarayon ancha oddiy: yoqilgʻi shunchaki bakka quyiladi.

Nucleon nega maketligicha qoldi?

Ford Nucleonʼni kelajak avtomobili sifatida tasavvur qilgan. Kompaniya bu loyiha orqali kelajak texnologiyalari avtomobillarni qanchalik oʻzgartirishi mumkinligini koʻrsatmoqchi boʻlgan.

Ford muhandislari oʻsha paytda imkonsizdek tuyulgan gʻoyalar kelajakda amalga oshishi mumkin, deb hisoblagan.

Keyinchalik ixcham yadro reaktorlari haqiqatan ham yaratildi. Ammo ular avtomobillarda emas, muz­yorar kemalar va suzuvchi atom elektr stansiyalarida qoʻllanila boshlandi. Masalan, suzuvchi atom stansiyalari uchun moʻljallangan RITM-200S reaktori Arktikada ishlaydigan zamonaviy atom muz­yorarlarida qoʻllanadigan texnologiyalar asosida yaratilgan.

Yadro reaktori yillar davomida yoqilgʻini almashtirmasdan ishlashi mumkin. Ammo u radiatsiyadan himoya, doimiy sovitish va murakkab texnik xizmatni talab qiladi. Bularning barchasi yengil avtomobil uchun juda ogʻir va murakkab edi.

Shu sabab Ford Nucleon haqiqiy avtomobilga aylana olmay, maketligicha qoldi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *