• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Rossiya tomonidan urushga yollangan Qozog‘iston fuqarolari vatanga qaytishda yordam so‘radi (video)



Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushga yollangan qozog‘istonliklar vatanga qaytishda yordam so‘rab, videomurojaat yo‘lladi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ularni qaytarish bo‘yicha Rossiya bilan muzokara olib borayotganini ma’lum qildi.

TIV videomurojaat qoldirgan fuqarolarga nisbatan zarur choralar ko‘rilayotganini bildirdi.

Qozog‘iston ushbu masala bo‘yicha Rossiya bilan turli darajalarda hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u Qozog‘iston turli mojaro hududlaridan vatandoshlarni qaytarish bo‘yicha amaliy tajribaga ega ekanini eslatdi. 2-oktyabr kuni Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Rossiyaning mamlakatdagi muvaqqat ishlar vakili bilan uchrashdi. Yaqin kunlarda Qozog‘istonning Moskvadagi elchisi Rossiya TIV va Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Urushga yollangan qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun borgan

Videomurojaat yo‘llagan Qozog‘iston fuqarolarining so‘zlariga ko‘ra, ular dastlab Rossiyaga ishlash maqsadida borgan. Ularga “BARS” nomi va logotipi tushirilgan hujjatlarni imzolash hamda qo‘riqchi bo‘lib ishlash taklif qilingan.

Biroq fuqarolarning ta’kidlashicha, ertasi kuni imzolagan hujjatlar yo‘q qilinib, o‘rniga boshqa shartnomalar keltirilgan. Yigitlar yangi hujjatlarni imzolashdan bosh tortgach, ularga “ortga yo‘l yo‘q”ligi aytilgan hamda qarshilik ko‘rsatishsa, qamoqqa tushishlari bilan tahdid qilingan.

Hozirda ushbu shaxslar Lugansk viloyati hududida bo‘lishi mumkin. Ularning aytishicha, erkaklar navbat bilan jangovar hududga yuborilmoqda. Murojaat yo‘llagan Qaysar Almaz va uning yonidagi vatandoshlari prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlariga yordam so‘rab murojaat qilgan.

O‘zbekiston fuqarolari mintaqa bo‘yicha Rossiya armiyasiga ko‘proq yollangan

Ukrainaning “Xochu jit” loyihasining aprel oyidagi hisobotiga ko‘ra, Rossiya tomonida harbiy harakatlarda qatnashayotgan o‘zbekistonliklar soni 4,8 ming kishidan oshgan. Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

“Xochu jit” loyihasi urushda ishtirok etayotgan 12 666 nafar Markaziy Osiyo fuqarosining shaxsiy ma’lumotlariga ega bo‘lgan. Unga ko‘ra, urushga yollanganlar soni bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolari (4 853 kishi) birinchi o‘rinda turadi. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston (3 407), Qozog‘iston (2 389), Qirg‘iziston (1 439) va Turkmaniston (578) fuqarolari qayd etilgan.

Iyul oyida BBC rus xizmati va “Mediazona” Rossiya tomonida jang qilgan kamida 3589 nafar xorijlik halok bo‘lgani, ular orasida 229 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham borligini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.

Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan, chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *