• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

AQSH Microsoft xodimlariga ish vizasi va grin-karta berishni toʻxtatdi



AQSH hukumati yettita yirik IT-kompaniyasining xorijlik xodimlariga grin-karta olishda yordam beruvchi dasturda qatnashishni vaqtincha taqiqladi, deb yozmoqda Reuters.

AQSH Mehnat vazirligi hisob-kitoblariga koʻra, 2009-yildan buyon ushbu kompaniyalar qariyb 3 million nafar xorijlikni ishga jalb qilgan. Shuningdek, ular chet ellik xodimlar uchun 230 mingta H-1B ish vizasi va 100 mingta grin-karta berishga ruxsat olgan.

Endilikda vazirlik ushbu kompaniyalardan yangi arizalarni qabul qilmaydi, avvalroq topshirilganlarini ham koʻrib chiqmaydi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning aytishicha, cheklovlar “qancha kerak boʻlsa, shuncha vaqt” amal qiladi.

Vens, shuningdek, Microsoftʼni xorijliklarni ishga yollash tizimini suiisteʼmol qilishda aybladi. Uning aytishicha, kompaniya 2025-yilda 6 ming nafar amerikalik xodimini ishdan boʻshatgan. Shu bilan birga, xorijlik xodimlari uchun 6 300 ta H-1B ish vizasi va 3 mingta grin-kartaga ruxsat olgan.

Vensning taʼkidlashicha, Microsoft xorijliklarga kamroq maosh toʻlash mumkinligi sabab ularni ishga olishga atay ustuvorlik bermoqda.

Microsoft esa bu ayblovlarni rad etdi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yili viza olish uchun topshirilgan arizalarning 80 foizi yangi xodimlarni yollashga emas, balki mavjud vizalarni uzaytirishga qaratilgan. Shuningdek, kompaniya xorijlik xodimlarga ham amerikalik xodimlar bilan teng haq toʻlanishini taʼkidladi.

Vensning chiqishidan bir necha soat oʻtib, AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi uchun IT sohasidagi milliarderlarga mukofot topshirgandi. SpaceX asoschisi Ilon Mask, Nvidia rahbari Jensen Xuang va Microsoft bosh direktori Satya Nadella prezident qoʻlidan medallar oldi.

Nadella va Mask ham oʻz vaqtida AQSHga H-1B ish vizasi orqali kelgan, deb eslatdi Reuters.

Shu bilan birga, AQSH hukumati xorijliklar uchun viza dasturlaridan noqonuniy foydalanish holatlari yuzasidan toʻqqizta universitetni, jumladan, Garvard, Yel va Stenford universitetlarini tekshirmoqchi.

Amerika taʼlim kengashi bunday tekshiruvlar xalqaro almashinuv dasturlariga va mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligidan ogohlantirdi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, xorijlik talabalar AQSHda har yili qariyb 40 milliard dollar sarflaydi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *