O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 50 yosh va undan katta 694 nafar ayol turmushga chiqdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida FHDY organlarida jami 92,3 mingta nikoh qayd etilgan.
Nikohdan o‘tgan ayollarning eng katta qismini 20–30 yoshdagilar tashkil etgan. Ushbu yosh toifasida 49 280 nafar ayol turmushga chiqqan.
Shuningdek, 20 yoshgacha bo‘lgan 32 902 nafar, 31–40 yoshdagi 7 570 nafar ayol nikohdan o‘tgan.
41 yosh va undan katta ayollar orasida esa 2 562 ta nikoh qayd etilgan. Ularning 694 nafari 50 yosh va undan katta ayollardir.
Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yil davomida 267 131 ta nikoh qayd etilgani xabar qilingandi. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 1,7 foizga kamaygan.
O‘tgan yili nikohdan o‘tganlar orasida eng yoshi katta kuyov 91 yoshda, eng yoshi katta kelin esa 85 yoshda bo‘lgan. Kuyovlarning o‘rtacha yoshi 25 yoshni, kelinlarning o‘rtacha yoshi esa 22 yoshni tashkil etgan.