• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarida 9 oyda 7 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi



O‘zbekistonda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalarda 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida 7 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi. Bu haqda 9-oktyabr kuni OAV uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirda jamiyat tizimidagi korxonalarda umumiy quvvati 15,9 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilgan. Ularda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi korxonalarning o‘z ehtiyojlarini qoplash uchun ishlatilmoqda.

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida ushbu quyosh panellari orqali 14,6 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning natijasida 3,7 mln kub metr tabiiy gaz tejalgan. Shuningdek, energiya sarfini kamaytirish maqsadida korxonalar hududlariga 1 520 ta avtonom quyosh chirog‘i, 1 783 ta harakat datchigi hamda elektr dvigatellariga 181 ta chastota o‘zgartirgich o‘rnatilgan.

Mazkur chora-tadbirlar hisobiga yanvar–sentyabr oylarida qo‘shimcha 13,2 mln kVt soat elektr energiyasi tejalgan. Bu 3,3 mln kub metr tabiiy gaz sarfining oldi olinganiga teng. Bundan tashqari, korxonalarda har birining sig‘imi 200 litr bo‘lgan 117 ta quyosh suv isitkichlari o‘rnatilgan. Ushbu qurilmalarni mahalliy sharoitda yig‘ish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Umumiy hisobda to‘qqiz oy davomida quyosh energiyasidan foydalanish va energiya samaradorligini oshirish hisobiga qariyb 28 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va tejalgan. Jamiyat hisob-kitoblariga ko‘ra, 7 mln kub metr tabiiy gaz yoqilmagani natijasida atmosferaga taxminan 9–11 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldi olingan.

Avvalroq O‘zbekistonda I tarif guruhiga kiruvchi yirik iste’molchilar uchun kunduzgi elektr energiyasi narxini pasaytirish tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, soat 09:00 dan 17:00 gacha elektr energiyasi bazaviy tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytirilgan koeffitsiyent asosida hisoblanadi. Bunda 1 kVt soat elektr energiyasi narxi 1 100 so‘mdan 733 so‘mga tushadi.

Mazkur o‘zgarish yirik iste’molchilarni elektr energiyasidan quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarish hajmi yuqori bo‘lgan kunduzgi vaqtlarda ko‘proq foydalanishga rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu orqali tabiiy gaz sarfini kamaytirish ko‘zda tutilgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *