Toshkentda 9-oktyabr kuni 2027-yil 4–5-fevral kunlari ilk bor o‘tkaziladigan Tashkent Content Market (TCM) xalqaro kontent bozorining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi xabar berdi.
Taqdimotda xalqaro kontent bozorining maqsadlari, dasturi, ishtirok etish shartlari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mahalliy media mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga taqdim etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Foto: Kontent markazi
Tashkilotchilarga ko‘ra, tadbir 5 500 kvadrat metr maydonda o‘tkazilib, unda 50 dan ortiq davlatdan 3 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Ikki pavilyonda 200 ga yaqin stend joylashtirish rejalashtirilgan. Stendlarning maydoni 4–18 kvadrat metrni tashkil etadi.
Taqdimotda 20 dan ortiq teleradiokanal, 15 dan ziyod OTT/VOD va onlayn platforma, 7 ta davlat tashkiloti hamda 40 ga yaqin kinostudiya, media kompaniya, ijodiy jamoa va kinoteatr vakillari ishtirok etdi.

Foto: Kontent markazi
Ma’lum qilinishicha, Tashkent Content Market orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan filmlar, seriallar, animatsiya va raqamli mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, xorijiy kontentni xarid qilish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi.
Ikki kunlik dastur doirasida xalqaro ko‘rgazma, forum va muhokamalar, biznes uchrashuvlari, film va boshqa loyihalar namoyishlari, mahorat darslari hamda kelishuvlarni imzolash marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Foto: Kontent markazi
Muhokamalarda kontentdan daromad olish, sun’iy intellektdan foydalanish, media mahsulotlarini ishlab chiqarish, xalqaro tarqatish va litsenziyalash masalalariga e’tibor qaratiladi.
Tashkilotchilar tadbir orqali milliy kontent eksportini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro media bozoriga olib chiqish, sohaga investitsiyalar jalb etish va Toshkentni mintaqaviy media markaziga aylantirishni maqsad qilgan.
Ishtirokchilar tcm.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Platformada shaxsiy va kompaniya profilini yaratish, hamkorlarni izlash, kontent kataloglari bilan tanishish hamda uchrashuvlarning vaqti va joyini oldindan kelishish imkoniyati ko‘zda tutilgan.

Foto: Kontent markazi
Avvalroq, 2-oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda o‘tkazilgan CICA Media Forum doirasida Tashkent Content Market platformasi taqdim etilgandi.
Unda Ozarbayjon televideniye va media industriyasi vakillari hamda xalqaro forum ishtirokchilari qatnashgan. Taqdimot davomida O‘zbekistonda yaratilayotgan televizion, hujjatli, ko‘ngilochar va raqamli kontentni xorijiy bozorlarda ilgari surish istiqbollari muhokama qilingan.
TCMning xalqaro ishtirokchilari qatorida Amazon MGM Studios, Prime Video, BBC Studios, CNN, Sony, Netflix, Warner Bros., NBCUniversal, YouTube va boshqa yirik media kompaniyalar nomi ham keltirilgan.
