Xitoyning Xenan provinsiyasida restoran egasi boʻlgan ayol ikki nafar xodimiga BMW avtomobillarini sovgʻa qildi. Ayol xodimlari ishga elektroskuterlarda qatnab, sovuq va yomon ob-havoda qiynalayotganini koʻrgach, ularga mashina olib berishga qaror qilgan, deb yozadi South China Morning Post.
Hodisa Xenan provinsiyasining Szyaszo shahrida yuz bergan. Restoran egasi Ma Yanli sentyabr oxirida xodimlari har kuni ishga elektroskuterlarda kelishini va noqulay ob-havo sharoitida qiynalayotganini payqagan.
Shundan soʻng u eng yaxshi ishlagan ikki nafar xodimini mukofotlashga qaror qilgan. Ayol yigʻilish vaqtida ularni kutilmaganda BMW avtosaloniga olib borgan. Maʼlum boʻlishicha, avtomobillarning puli oldindan toʻliq toʻlab qoʻyilgan.
Foto: South China Morning Post.
Ma Yanlining fikricha, restoran muvaffaqiyatida har bir xodimning hissasi bor. Shu sababli u fidokorona mehnat qilgan ishchilarini ragʻbatlantirishni istagan.
South China Morning Post maʼlumotiga koʻra, har bir mashinaning narxi 45 ming dollarni tashkil etgan. Shunday qilib, tadbirkor ayol sovgʻalar uchun jami 90 ming dollar sarflagan.
