Afg‘onistonda “Tolibon” va boshqa qurolli guruhlar bolalarni noqonuniy ravishda askarlikka va yordamchi vazifalarga yollab kelmoqda. Xususan, ular portlovchi moddalar o‘rnatish, qurol ko‘tarib yurish, kuzatuv olib borish hamda bazalarni qo‘riqlash uchun jalb qilinadi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining 2026-yilgi odam savdosi bo‘yicha hisobotida keltiriladi.
Hisobotga ko‘ra, “Tolibon” bolalarni Afg‘oniston va Pokistondagi maktablardan aldov hamda majburlash yo‘li bilan yollaydi. Shuningdek, ular bolalarni harbiy ta’lim berilishi aytiladigan jihod madrasalariga kiritmoqda.
Hujjatda ISHIDning Xuroson bo‘limi va “Milliy qarshilik fronti” ham alohida tilga olingan. Bu guruhlar ham bolalardan to‘g‘ridan to‘g‘ri janglarda foydalanishi ta’kidlangan. Jumladan, ular bolalarni qo‘lbola portlovchi qurilmalarni o‘rnatish va portlatish, qurol tashish, josuslik qilish hamda bazalarni qo‘riqlashga majburlamoqda.
Odam savdosi va jinsiy qullik
Mazkur xulosalar Davlat departamentining odam savdosi bo‘yicha yillik baholashining bir qismidir. Tegishli hisobotda Afg‘oniston eng past toifa bo‘lgan 3-darajada qoldirilgan. Hujjatda aytilishicha, vazirliklar va boshqa davlat muassasalari odam savdosiga barham berish bo‘yicha minimal standartlarga to‘liq javob bermaydi hamda buning uchun sezilarli sa’y-harakatlar amalga oshirmayapti.
Bundan tashqari, bachchabozlik orqali jinsiy qullik holatlari ham qayd etilgan. Bu odatda o‘g‘il bolalarning erkaklar tomonidan jinsiy ko‘ngilochar maqsadlarda ekspluatatsiya qilinishini anglatadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda ko‘proq odam savdosining qurboni bo‘ladi. Jabrlanuvchilar odatda 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lib, ba’zan kambag‘al oilalar tomonidan o‘g‘irlanadi yoki sotiladi.
Hisobotda keltirilishicha, bir xalqaro tashkilot “Tolibon” bilan muzokaralar olib borib, ularning safidan 58 nafar bolani ozod qilgan va ularning jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashgan. “Tolibon” o‘z saflaridan bolalarni aniqlash hamda ularni demobilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga ega. Biroq AQSH Davlat departamenti “Tolibon” bolalarni jangovar yoki yordamchi vazifalarga noqonuniy yollashning oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rmaganini ta’kidlamoqda.