Rossiyaning urushni yoqlovchi eng mashhur “Ribar” (Рыбарь) Telegram kanali asoschisi Mixail Zvinchuk Chernogoriyada hibsga olindi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Mixail Zvinchuk, uning rafiqasi va kanalning yana uch nafar xodimi 9-oktyabr tongida Risan shahrida qo‘lga olingan. Mahalliy “Vijesti” nashrining yozishicha, ulardan murakkab raqamli uskunalar, shuningdek, dronlar va turli elektron qurilmalar topilgan.
Chernogoriya xavfsizlik xizmatlari Zvinchuk va uning jamoasini bir necha kun davomida kuzatib borgan. OAVga ko‘ra, maxsus operatsiya “Ribar” kanalining gibrid faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan.
Zvinchukka rasman ayblov qo‘yilgani hozircha noma’lum. Huquq-tartibot idoralari hibsga olish yuzasidan rasmiy izoh bermadi. Chernogoriya bosh vaziri Miloyko Spayich X ijtimoiy tarmog‘ida hukumat “xavfsizlik xizmatlari vakolatiga kiradigan masalalarni muhokama qilish niyatida emasligini” yozdi.
“Bugungi operatsiya “Ribar” axborot tarmog‘i rahbarining hibsga olinishi bilan yakunlandi. Davlat muassasalari o‘z vazifasini bajarmoqda, Chernogoriya o‘z manfaatlarini himoya qilmoqda va hech kim Yevropadagi kelajagimizga xavf sola olmaydi”, deya qayd etdi u.
“Ribar” vakillari ular hibsga olinganini tasdiqladi. Telegram kanal postida barcha qo‘lga olinganlar Chernogoriyada qonuniy va rasmiy ravishda bo‘lgani ta’kidlanadi.
“Xususan, ular Tsetine monastirini tasvirga olishni rejalashtirgandi, buning uchun rasmiy so‘rov yuborilgan edi”, deyiladi bayonotda.
“Ribar” vakillari mahalliy qonunbuzarliklar sodir etilmagani sababli hibsdagilar tez fursatda ozod etilishiga umid bildirdi. Zvinchukning Chernogoriyadagi safari sir saqlanmagan — bir kun oldin u RuTube kanalida video joylagandi. Instagram’da esa u Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Chernogoriyaning sanksiyalari ostida bo‘lishiga qaramay, mamlakatga kirib kelganini yozgan:
“Cho‘ntagingizni kovlaydigan, lekin bazani tekshirishni unutadigan ahmoq chegarachiga duch kelishingiz mumkin”.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Zvinchukning hibsga olinishiga izoh berib, Rossiya ham javob tariqasida chet elliklarni ushlashi mumkinligini aytdi.
“Fuqarolarimizning Yevropa davlatlariga borib yurishi xato, garchi ular yaxshi niyatlar va muhim maqsadlarni ko‘zlagan bo’lsa ham. Potensial ravishda barcha (ta’kidlayman, barcha) rossiyaliklar xavf ostida”, dedi Medvedev.
“Ribar” haqida nimalar ma’lum?
“Ribar” 1,5 milliondan ortiq obunachiga ega, urush tarafdori bo‘lgan eng mashhur Telegram kanallardan biridir. Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining sobiq xodimi Zvinchuk uni hamkasbi Denis Shchukin bilan birgalikda yaratgan.
Kanal 2018-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, dastlab tadbirkor Yevgeniy Prigojin uni moliyalashtirishda qatnashgan. Kanal o‘zini harbiy tahliliy markaz deb ataydi va “Yevropar”, “Afrikar” hamda “Balkanar” kabi alohida hududlarga ixtisoslashgan qo‘shimcha kanallar tarmog‘iga ega.
2024-yilda AQSH Davlat departamenti “Ribar” xodimlari haqida ma’lumot berganlik uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kanal AQSH prezidenti sayloviga aralashishga urinishda gumon qilingan.