• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

O‘zbekistonda texnikum ustalarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi bekor qilindi



O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish ta’limi ustalariga malaka toifasi berish tartibi bekor qilinib, kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi hukumatning 9-oktyabrdagi qaroriga tayanib xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish ta’limi ustalari har besh yilda kamida bir marta majburiy sertifikatlashdan o‘tishi kerak. Kasbiy sertifikat besh yil muddatga beriladi.

Sertifikatlash sinovlari ikki bosqichda, jami 100 ballik tizim asosida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda nomzodlarning nazariy bilimlari 30 ball, ikkinchi bosqichda esa amaliy ko‘nikmalari 70 ballgacha baholanadi.

Sertifikat olish uchun nomzod har ikki bosqichning har birida kamida 70 foizlik natija ko‘rsatishi va umumiy hisobda 70 yoki undan yuqori ball to‘plashi talab etiladi.

Majburiy sertifikatlashdan o‘ta olmagan ustalarga sinovni yana bir marta topshirish imkoniyati beriladi. Takroriy sinovdan ham o‘ta olmagan xodimlarning mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Shu bilan birga, o‘quvchilari xalqaro yoki respublika miqyosidagi kasbiy tanlovlarda 1–3-o‘rinlarni egallagan ustalarga sinovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasbiy sertifikat beriladi.

Navbatdagi majburiy sertifikatlash bepul o‘tkaziladi. Ixtiyoriy, ya’ni navbatdan tashqari sertifikatlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki tegishli platforma orqali murojaat qilinganda ushbu to‘lovga 10 foizlik chegirma beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda kasbiy tanlovlar g‘oliblarini tayyorlagan ustalarni moddiy rag‘batlantirish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

30-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustaga 100 million so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga esa 200 million so‘m mukofot berilishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, 2027-yildan “Yil o‘qituvchisi” tanlovini 14 ta hududdagi bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkazish hamda ularni mukofotlash taklif etilgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *