Telegram messenjeri orqali taʼlim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari Ilhom Sirajev nomidan turli shaxslarga soxta xabarlar yuborilayotgani aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, yuborilayotgan xabarlar Ilhom Sirajev tomonidan yozilmagan. Shuningdek, xabarlar kelayotgan akkaunt ham vazir o‘rinbosarining shaxsiy Telegram akkaunti emas.
Shu munosabat bilan vazirlik fuqarolarni bunday xabarlarga ishonmaslik va ularga javob bermaslikka chaqirdi.
Foto: Taʼlim va ilm-fan vazirligi
Xususan, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini hech kimga oshkor qilmaslik, shaxsiy maʼlumotlar, hujjatlar va boshqa maxfiy axborotlarni taqdim etmaslik so‘raldi.
Vazirlik, shuningdek, fuqarolardan soxta xabarlarni boshqalarga tarqatmaslikni so‘radi.
Bundan oldin Telegram orqali sobiq oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nomidan turli shaxslarga soxta xabarlar yuborilayotgani aytilgandi.
Avvalroq Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.
